Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi

115

Bugun, 1-mart kuni Oʻzbekiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev Rossiya Federatsiyasi Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni general-polkovnik Aleksandr Lapin boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat mudofaa idoralarining hamkorligi hamda uni rivojlantirish istiqbollari, harbiy-taʼlim yoʻnalishida oʻzaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash muhokama qilindi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi Pavel Ergashev davlatlarimiz rahbarlari hamda mudofaa vazirlarimiz darajasida muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan uchrashuvlar strategik hamkorlik va mamlakatlarimiz oʻrtasida ittifoqdosh munosabatlarni mustahkamlashga, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshimcha turtki boʻlishini taʼkidladi.

General-mayor P. Ergashev Rossiya Markaziy harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoniga Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar tayyorgarligini oshirish masalalarida koʻrsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi.

2017-yilning oktyabrida “Forish” togʻ poligonida (Jizzax viloyati) ikki mamlakat oʻrtasida harbiy hamkorlik hamda Rossiya—Oʻzbekiston qoʻshma harbiy mashgʻulotlari ham yod etildi, unda Rossiya Markaziy harbiy okrugiga qarashli togʻ-oʻqchi boʻlinmalarini jalb etilgandi.

2016-yildan qayta tiklangan Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarini Rossiya muassasalarida oʻqitish amaliyoti ham naqadar ahamiyatli ekanligi ham qayd etib oʻtildi.

Aleksandr Lapin Oʻzbekiston Rossiyaning strategik hamkori hamda Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikning kafolati ekanligini bildirdi.

Uchrashuvdan soʻng, Rossiya Qurolli Kuchlari delgatsiyasi Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurib, oliy harbiy taʼlim muassasasasi tarixi va faoliyati, shuningdek, qoʻmondonlik va shtab boʻgʻinida harbiy kadrlarni tayyorlash sohasida yangicha yondashuvlar bilan tanishdi.

Aleksandr Lapin Rossiya armiyasining Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlari haqida maʼruza oʻqib, Akademiya shaxsiy tarkibi bilan tajribalarini boʻlishdi.

Ertaga, 2-mart kuni Rossiya Federatsiyasining harbiy delegatsiyasi Samarqand shahriga tashrif buyurib, shaharning tarixiy va madaniy obidalari bilan yaqindan tanishadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati