Oʻzbekiston mudofaa vaziri yosh ofitserlar forumida ishtirok etdi

128

Kecha, 26-fevral kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida ilk marotaba yosh ofitserlar forumi boʻlib oʻtdi. Forumda kursantlar, oʻtgan yilgi mavsum bitiruvchilari-leytenantlar, Mudofaa vazirligi mutasaddi ofitserlari, oliy harbiy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari ishtirok etdi.

Tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov soʻzga chiqib, yosh ofitserlarni tashabbuskorlikka, faollikka chaqirib, ishtirokchilarni konstruktiv va ochiq muloqotga chaqirdi.

“Bir narsani barchamiz yodimizdan aslo chiqarmasligimiz kerakki, bugun dunyoda roʻy berayotgan murakkab harbiy-siyosiy jarayonlar birinchi navbatda oʻz kasbini puxta egallagan yuqori malakali mutaxassis, qolaversa, Vatanini sidqidildan sevadigan, jismonan chiniqqan, tashabbuskor, mantiqiy firklay oladigan, fidoyi insonlar boʻlishimizni taqozo etmoqda. Men sizlar bilan uchrashib, yuzaga kelgan kamchiliklar, muammolarni muhokama qilish va takliflaringizni eshitib, ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim”, – dedi mudofaa vaziri oʻz soʻzida.

Forum davomida oliy harbiy taʼlim muassasalarining 2018-yilgi bitiruvchilarini harbiy-kasbiy faoliyatini obyektiv oʻrganish; Mudofaa vazirligi qoʻshinlari faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablarini yetkazish; Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida oʻtkazilayotgan islohotlar mohiyatini tushuntirish, harbiy boʻlinmalarda yosh ofitserlarni professional shakllanishi hamda xizmat vazifalarini sifatli va samarali bajarishlariga toʻsqinlik qiluvchi tizimli kamchiliklarni aniqlash; bitiruvchilar bilan boshlangʻich lavozimlarda xizmat qilish davrida duch keladigan ijtimoiy-maishiy, boshqaruv va psixologik xarakterdagi muammolarni aniqlash yuzasidan suhbatlashish, yosh ofitserlarning murojaatini tayyorlash maqsad qilib olingan.

Kun davomidagi faol leytenantlar turli mavzular boʻyicha oʻzaro savol-javob qildilar. Ishtirokchilar maʼruzachiga oʻzlarini qiziqtirgan savollarni berish barobarida takliflarini ham bildirib oʻtishdi. Xulosa va takliflarni yaxlitlashtirish natijasida yosh ofitserlar forumi qatnashchilarining murojaati qabul qilindi.

Forum yakunida faol va tashabbuskor ishtirokchilarga mudofaa vaziri nomidan faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. Qurolli Kuchlar markaziy ashula va raqs ansambli xonanda va raqqosalarining chiqishlari tadbirga bayramona tus kiritdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati