Samarqandda harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun seminar tashkil etildi

134

Markaziy harbiy okrugiga qarashli harbiy qismlardan birida harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun “Oilada sogʻlom turmush tarzini yaratishda er va xotinning roli” mavzusida seminar oʻtkazildi.

Unda Samarqand viloyati “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi xodimlari, psixologlar, viloyat Yoshlar ittifoqi kengashi aʼzolari hamda “Sogʻlom avlod” jamgʻarmasi vakillari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilariga oilaning muqaddasligi, bola tarbiyasida ota-onaning birdek oʻrni haqida keng koʻlamli maslahatlar berildi.

Shuningdek, ushbu harbiy qismda “Vatanparvarlikni chinakam eʼtiqodga aylantiraylik” mavzusida yoshlar festivali ham boʻlib oʻtdi. Harbiy orkestrning koʻngilga xush yoquvchi musiqalari ostida boshlangan festival davomida harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻl jangi elementlari, harbiy texnikalar namoyish etildi.

Festivalga qahramonlarcha halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari ham taklif etilib, ularga “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” kitoblari sovgʻa qilindi.

Tadbir doirasida harbiy xizmatchilar va harbiy qismga tashrif buyurgan yoshlar oʻrtasida merganlik va mini futbol boʻyicha musobaqalar oʻtkazildi. Bellashuv ishtirokchilari Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan faxriy yorlik va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati