Harbiy xizmatchilar malakasi oshirishda yangicha tizim joriy etildi

355

Yuqori professional harbiy xizmatchilarni tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti hamkorligida butunlay yangicha koʻrinish va mazmundagi malaka oshirish tizimi joriy etildi.

Ushbu tizim Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 28-noyabr kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida bergan topshiriqlari asosida joriy etildi.

Bugun, 25-fevral kuni universitetda mazkur oʻquv kurslarining birinchi tinglovchilari qabul qilinib, ularning malakasini oshirish borasida amaliy ishlarga kirishildi.

“Malaka oshirish kurslari davomida universitetning malakali professor-oʻqituvchilari va yurtimizdagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining yetakchi olimlari tomonidan nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladi. Ushbu kurslarni tamomlagan ofitserlarimiz qoʻshinlarda joriy etilgan yangi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar tizimini samarali va taʼsirchan tashkil etishga, harbiy xizmatchilarning maʼnaviy-maʼrifiy bilimi va intellektual salohiyatini yanada oshirishga oʻz hissasini qoʻshadi”, — deydi oʻquv kursining ochilish marosimida ishtirok etgan mudofaa vaziri oʻrinbosari general-mayor Azizbek Ikramov.

15 kun davom etadigan oʻquv kurslarida shu yilning fevral oyidan 2020-yil iyun oyiga qadar 3 bosqichda, jami 600 nafarga yaqin tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitserlari tahsil olishi rejalashtirilgan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati