CЕNTCOM qoʻmondoni Jozef Votel: “Oʻzbekiston xalqiga rahmat deb qolaman”

370

Toshkentdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida bugun, 21-fevral kuni Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshliqlari ishtirokida boʻlib oʻtgan anjuman oʻz ishini yakunladi.

AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligi qoʻmondoni Jozef Votel tadbir soʻngida jurnalistlarga bayonot berdi.

“Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bosh shtab boshliqlari ishtirok etgan ushbu anjumanni tashkillashtirishda begʻaraz yordam koʻrsatgan Oʻzbekiston Prezidenti hamda Mudofaa vazirligiga minnatdorchilik bildiraman.

Mazkur anjumanni oʻtkazishda Oʻzbekistonning AQSH Qurolli Kuchlari Markaziy qoʻmondonligiga koʻrsatayotgan yordami Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash yoʻlida muhim rol oʻynaydi. Mintaqada xavsfizlikni taʼminlash hamda barqarorlik uchun tahdidlarga kurashish maqsadida yigʻilgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlaridan ham minnatdorman.

Amerika Qoʻshma Shtatlari mintaqadagi hamkorlarimizning suvereniteti va barqarorligini taʼminlashda, oʻzaro munosabatlarimizni rivojlantirish hamda mustahkamlashga doim tayyor.

Men ushbu anjumanni oʻtkazishga shaxsan yordam koʻrsatgan va mintaqada xavfsizlikni taʼminlash uchun kelajakda qay yoʻsinda hamkorlikni amalga oshirishimiz haqidagi fikrlari bilan boʻlishgan Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytaman.

Shuningdek, Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonovni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, anjumanning muvaffaqiyatli oʻtishini taʼminlashga yordam berganidan minnatdorman. Menga hamda Markaziy va Janubiy Osiyo qurolli kuchlari bosh shtab boshliqlariga mehmondoʻstligi bilan hurmat koʻrsatgan Oʻzbekiston xalqiga rahmat deb qolaman”, deya aytgan oʻz bayonotida Jozef Votel.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati