Samarqandlik qahramon Sayyor Sadinovning yaqinlariga bayram sovgʻalari topshirildi

0
1242

Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda Samarqand garnizonidagi bir guruh harbiy xizmatchilar 2000-yillarda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Uzun tumanlaridagi togʻli hududlarda xalqaro terrorchilarga qarshi toʻqnashuvlarda Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini taʼminlashda jon fido qilgan leytenant Sayyor Sadinovning yaqinlarini Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan qutlash maqsadida xonadonida boʻlishdi.

Mehmonlar marhum Sayyor Sadinovning onasi Roziya opa Sadinovaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan taʼsis etilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni, Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mablagʻlari hamda okrug qoʻmondonligining esdalik sovgʻalarini topshirishdi.

Leytenant Sayyor Sadinovning yaqinlari bilan boʻlgan suhbat jarayonida, qahramonning Surxondaryo viloyatining togʻli hududlarida xalqaro terrorchi jangari toʻdalarga qarshi togʻ qoyalarida jang qilayotgan guruhning soʻroviga birinchilardan boʻlib javob berib, yordamga yetib borganligi va terrorchilarga qarshi jangda Sayyor Sadinov ogʻir yaralanishiga qaramay jang qilishdan toʻxtamaganligi sharaf bilan tilga olinib xotirlandi.

Xaqiqatda, Sayyor Sadinov qoʻl ostidagi harbiy xizmatchilarni ortidan ergashtirdi. Natijada jangarilar yakson etildi. Afsuski, jangda olgan ogʻir jarohati tufayli leytenant Sayyor Sadinov shifoxonaga yetmay turib hayotdan koʻz yumdi.

– Farzandimning Vatan tinchligi uchun jonini fido qilganidan va men shunday farzandning onasi ekanligimdan chin maʼnoda faxrlanaman. Bu voqealarga koʻp yillar boʻlgan boʻlsa-da, uning xotirasi barchaning yodida ekanligidan va hukumatimiz tomonidan qaratilayotgan eʼtibordan mingdan-ming roziman va barchaga oʻz minnaddorchiligimni bildiraman, – deydi Sayyor Sadinovning onasi Roziya opa Sadinova.

Maʼlumot uchun, leytenant Sayyor Sadinov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga binoan milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun II darajali “Shon-sharaf” ordeni hamda “Jasorat” medali bilan mukofotlangan.

Shu kuni Samarqand garnizonidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari Mudofaa vazirligining eng ilgʻor harbiy xizmatchilarining ota-onalariga Mudofaa vazirligi nomidan yoʻllangan Tashakkurnomalarni oʻqib eshittirib, ularni bayram bilan qutlashdi va yaqinlari ishtirokida tantanali ravishda topshirishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati