Xalqaro toifadagi harbiy sportchilar “Toshkent dengizi”da yoshlarga master-klass oʻtdi

197

Toshkent viloyati Tuyaboʻgʻiz suv omborida (“Toshkent dengizi”) joylashgan Mudofaa vazirligi sport klubi bazasida Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari hamda Toshkent iqtisodiyot va biznes kolleji talabalari uchun baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha halqaro toifadagi sport ustalari tomonidan master-klass mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Mashgʻulotlar davomida yoshlarga baydarka va kanoeda eshkak eshish usullari amalda koʻrsatib berildi. Shuningdek, ishtirokchilarga suv sportining turlari, kelib chiqish tarixi, bugungi istiqboli hamda jahon arenasida mamlakatimiz harbiy baydarkachilari erishgan yutuqlari haqida ham koʻplab qiziqarli maʼlumotlar aytib oʻtildi.

Ayniqsa, Jahon kubogi sovrindori, koʻplab halqaro musobaqalar ishtirokchisi, navbatdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrayotgan irodali parakanoechi Azizbek Abduhabibov bilan suhbat yoshlarda alohida qiziqish uygʻotdi.

Tadbir soʻngida mazkur sport turi bilan shugʻullanish istagidagi yoshlar sport klubi toʻgaragiga shu yerning oʻzida aʼzo boʻlishdi.

Maʼlumot oʻrnida, 2018-yil mobaynida sportning baydarka va kanoeda eshkak eshish turi boʻyicha 35 ta halqaro toifadagi musobaqalar oʻtkazilgan. Mazkur nufuzli chempionatda Mudofaa vazirligi sport klubi aʼzolari tomonidan 15 ta oltin, 16 ta kumush hamda 4 ta bronza medallari qoʻlga kiritilgan. Respublika miqyosida oʻtkazilgan 103 ta sport musobaqalarida harbiy sportchilar 55 marotaba birinchi pogʻonani band etgan boʻlsa, 20 marotaba ikkinchi hamda 28 marotaba uchunchi oʻrinlarni egallagan.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati