Kursantlar havaskor ijodiy jamoasi Bobur hayotini sahnalashtirdi

190

Bugun, 14-fevral kuni Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi Mudofaa vazirligiga qarashli barcha oliy harbiy taʼlim muassasalarida keng nishonlandi. Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasining kursantlari tomonidan ijro etilgan Bobur hayotini oʻzida aks ettiruvchi sahna koʻrinishi barchaning olqishiga sazovor boʻldi.

Zahiriddin Muhammad Bobur — buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzodadir.

Bobur qisqa umri davomida avlodlariga ulkan maʼnaviy-madaniy meros qoldirgan. U 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Keyinchalik vasiyatiga koʻra, 1539-yilda uning xoki Qobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan “Bogʻi Bobur”ga qoʻyilgan.

Akademiya havaskor ijodiy guruhi Boburning oʻz yurtini tashlab Afgʻonistonga ketishga majbur boʻlganligini, Ibrohim Lodi bilan jangi va undan keyin Hindistonda kechgan hayotini mahorat bilan sahnalashtirdi.

Bundan tashqari, Chirchiq oliy tank umumqoʻshin-qoʻmondonlik bilim yurtida harbiy xizmatchilarning farzandlari oʻrtasida “Eng zukko kitobxon” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi. Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga oid savol-javoblarda faol qatnashgan oʻquvchi yoshlar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, bilim yurti rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, bugun, 14-fevral kuni Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli tomonidan respublikamiz boʻylab #BoburDay xeshtegini butun jahondagi internet foydalanuvchilari oʻrtasida keng targʻib qilib, dunyo trendiga olib chiqish yoʻlida “Bobur nidosi” nomli qoʻshiqni xalqimiz eʼtiboriga havola etdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati