NATO vakillari Qurolli Kuchlar akademiyasida harbiy hamkorlik boʻyicha mashgʻulot oʻtkazdi

184

NATOning Bryunsyum (Niderlandiya) shahridagi Birlashgan kuchlar qoʻmondonligi shtab-kvartirasi mutaxassislari polkovnik Yasen Kenarov, podpolkovniklar Xose Rodriges, Patrik Tomas va P. Xudik Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi qoʻmondonlik-shtab fakulteti tinglovchilari bilan “Harbiy-fuqarolik hamkorlik” mavzusida nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazdi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi qoʻmondonlik-shtab fakulteti tinglovchilari ushbu mashgʻulotlar davomida NATO tizimidagi bugungi oʻzgarishlar, amaliyotlarni rejalashtirish jarayoni va harbiy qarorlar qabul qilish, shuningdek, Alyansning strategik infratuzilmalari borasida ham muhim maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasi va NATOning Bryunsyum shahridagi Birlashgan kuchlar qoʻmondonligi shtab-kvartirasi oʻrtasidagi hamkorlikka 2013 yilda asos solingan boʻlib, bugungi kunda mazkur aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda. Hozirgi vaqtga kelib NATO vakillari tomonidan har yili oʻrta hisobda toʻrttagacha qisqa muddatli oʻquv-seminarlari oʻtkazib kelinadi.

Taʼkidlash kerakki, mazkur tadbirlar doirasida NATO delegatsiyasi tarkibidagi bir qator aʼzo va hamkor mamlakatlar ofitserlari yurtimizda oʻquv mashgʻulotlari bilan boʻlishgan. Bular ichida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Fransiya, Belgiya, Italiya, Ispaniya, Kanada, Turkiya, Ozarbayjon, Bolgariya va Polsha davlatlari malakali mutaxassislarini alohida sanab oʻtish mumkin.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati