Fotoreportaj: Katta Chimyonda ekstremal sharoitlarda mashgʻulotlar oʻtkazildi

201

Mudofaa vazirligi togʻ tayyorgarligi oʻquv-mashqlar markazi hamda Toshkent harbiy okrugiga qarashli harbiy qismda 3 kun davomida “Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida togʻ tayyorgarligi tizimini yanada takomillashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Unda Mudofaa vazirligi markaziy apparati ofitserlari, harbiy okruglar qoʻmondonlarining oʻrinbosarlari, oliy harbiy taʼlim muassasalari togʻ tayyorgarligi yoʻriqchilari hamda tegishli vazirlik va idoralarining soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Anjuman avvalida, Surxonondaryo viloyatida 2000-yilgi jangovar harakatlarda mardlarcha halok boʻlgan oʻgʻlonlar yodga olinib, xotira majmuasiga gulchambar qoʻyildi.

Shundan soʻng, yetakchi mutaxassislar tomonidan Qurolli Kuchlarda togʻ tayyorgarligi tizimini yanada takomillashtirishning istiqbolli yoʻnalishlari, yetakchi horijiy davlat armiyalarining harbiy alpinizmdagi tajribasi, harbiy xizmatchilarni tayyorlashning zamonaviy uslublari haqidagi maʼruzalar tinglandi.

Kuning ikkinchi yarmida harbiy qism va muassasalarda togʻ tayyorgarligi nazariy va amaliy mashgʻulotlarini yangicha yondashuv asosida tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha uslubiy koʻrgazmali mashgʻulotlar boʻlib oʻtdi. Anjuman qatnashchilari mashgʻulotlar davomida togʻ yoʻnalishlari boʻylab 20 km masofaga marsh uyushtirdi.

Katta Chimyon hududida togʻ toʻsiqlarini oshib oʻtishni tezlashtiruvchi va yengillashtiruvchi vositalardan foydalanish usullari, ekstremal sharoitlarda yashovchanlikni oshirish, jarohat olganlarga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish va ularni togʻli hududlarda xavfsiz joyga koʻchirish, baland togʻ hududlarida oʻqotar qurollardan foydalanish kabi oʻquv joylarida koʻrgazmali amaliy mashgʻulotlar tashkil etildi.

Tadbir soʻngida ilmiy-amaliy anjumanda faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilarga Mudofaa vazirligi tomonidan fahriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

Video: https://www.youtube.com/watch?v=k6mD2GFCT6A&feature=youtu.be

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati