Zahiriddin Muhammad Bobur – yosh harbiylar nigohida

307

Termizda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligiga bagʻishlab “Bobur – umumarmiya yoshlari nigohida” mavzusida oʻtkazilayotgan insholar tanlovining Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlari oʻrtasidagi bosqichi boʻlib oʻtdi.

Unda harbiy qismlarda birinchi oʻrinni egallagan 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan muddatli va shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar oʻz bilimini sinovdan oʻtkazdi.

Termiz davlat universitetining professor-oʻqituvchilari ishtirokida tashkil etilgan tanlovda harbiy xizmatchilarning insholari toʻrt mezon asosida baholandi.

– Tanlov gʻoliblarini aniqlashda inshodagi orfografik va grammatik xatolar hamda uning uslubiy jihatdan toʻgʻriligiga alohida eʼtibor qaratildi, – deydi Termiz davlat universiteti oʻzbek tili va adabiyoti fakulteti dekani M.Hamroyeva. – Belgilangan mavzu va gʻoyaning toʻliq ochib berilgani, taʼsirchanligi va original yondashuvi munosib baholandi.

Muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan oddiy askar M.Abduhamidov birinchi oʻrinni egalladi. Shartnoma asosida xizmat qilayotgan oddiy askarlar A.Buxarov va X.Fayzullayev yuqori uchlikni yakunlab berdi.

Gʻoliblar Janubiy operatsion yoʻnalish boshqaruvi guruhining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur tugʻilgan kun – 14-fevralda oʻtkaziladigan tanlovning yakuniy bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

UzA