Boks boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etuvchi harbiy xizmatchilar ismi maʼlum boʻldi

172

Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida harbiy xizmatchilar oʻrtasida shu yilning may oyida Qozogʻiston Respublikasida oʻtkaziladigan boks boʻyicha xalqaro turnir ishtirokchilarini saralash bellashuvlariga start berilgani haqida xabar berilgan edi.

Ushbu musobaqada Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat 11 ta jamoa 6 ta vazn toifasi boʻyicha bellashdilar. Qizgʻin bahslardan soʻng nihoyat gʻoliblar maʼlum boʻldi.

Unga koʻra yakkalik bahslarda 63 kg vaznda birinchilikni Toshkent harbiy okrugi vakili Olim Xusanboyev qoʻlga kiritgan boʻlsa, 69 kg vazntoifasida 1-oʻrin Qurolli Kuchlar akademiyasi kursanti Jahongir Amonovga nasib qildi.

75 kg vaznda Toshkent harbiy okrugi sportchisi Islombek Moʻminov mutlaq gʻoliblikka erishgan boʻlsa, 81 kg vazn toifasida ham birinchilikka shu harbiy okrug vakili Gʻiyos Pozilov sazovor boʻldi.

91 kg vazn toifasida esa gʻalaba Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugidan kelgan sportchi Mirali Boymirzayevga nasib qildi, 91 kgdan yuqori vazn toifasida ham gʻalabani Toshkent harbiy okrugi sportchisi Sergey Qurbonov qoʻlga kiritdi.

Umumjamoa hisobida 1-oʻrin Toshkent harbiy okrugi, 2-oʻrin Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi, 3-oʻrin Qurolli Kuchlar akademiyasiga nasib qildi. Endi ular shu yilning may oyida Qozogʻistonda boʻladigan yuzdan ortiq harbiy sportchilar ishtirok etishi koʻzda tutilayotgan xalqaro musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladilar.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati