Askarlar Navoiy obrazini sahnada gavdalantirdi. Harbiy okruglarda Navoiyxonlik tadbirlari keng oʻtkazildi

160

Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalar, oliy harbiy taʼlim dargohlarida buyuk alloma, jamoat arbobi, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar ommaviy ravishda oʻtkazildi.

Xususan, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi Maʼnaviyat va maʼrifat markazi majlislar zalida adabiyotshunos olimlar, professor-oʻqituvchilar hamda harbiy xizmatchilar va oʻquvchi-yoshlar ishtirokida “Navoiyxonlik kechasi” boʻlib oʻtdi. Jizzax viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan gavdalantirilgan yosh Navoiy obrazi esa yigʻilganlar olqishiga sazovor boʻldi.

Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida oʻtkazilgan tadbirda esa shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Jarqoʻrgʻon tumanidagi 28- va 57-umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirokida Navoiyning nafis gʻazallaridan namunalar oʻqildi.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Maʼnaviyat va maʼrifat markazida oʻtkazilgan “Adabiyotimizning buyuk siymosi” nomli nazm va navo kechasida esa keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, talaba va oʻquvchi yoshlar hamda adabiyot muxlislari ishtirok etdi.

Bundan tashqari poytaxtimizdagi Qurolli Kuchlar akademiyasida yosh harbiy xizmatchilarni or-nomusli, qiyinchiliklardan qoʻrqmaydigan, Vatanga sodiq boʻlib, oʻz soʻzida sobit turishida Navoiy asarlarining, Navoiy merosining oʻrni beqiyosligiga bagʻishlangan ijodiy tadbir oʻtkazilib, uning shaxsini yanada chuqurroq oʻrganish, kursantlar va tinglovchilarning Navoiy obrazi haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishini taʼminlash uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozimligi belgilab olindi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati