Buyuk bobomizga ehtirom

47

Oʻzbekiston Mudofaa vazirligining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarda Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtdi.

“A.Navoiy – gʻazal mulkining sultoni” mavzuidagi tadbirda shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Jarqoʻrgʻon tumanidagi 28- va 57-umumtaʼlim maktablarining oʻqituvchi va oʻquvchilari ishtirok etdi.

Buyuk alloma Alisher Navoiy hayoti va ijodi barcha zamonlarda ham jahon adabiyotshunoslari tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilgan. Noyob isteʼdod egasi boʻlgan ul zotning asarlari dunyo xalqlarining bebaho maʼnaviy merosiga aylangan. Buyuk bobokalonimiz tavallud topgan kun munosabati bilan sayyoramizning turli davlatlarida ilmiy anjumanlar, navoiyxonlik kechalari va boshqa maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelinayotgani, asarlari qayta-qayta nashr etilayotgani bunga yaqqol dalildir.

Tadbirda ana shu haqda atroflicha soʻz yuritilib, A.Navoiy gʻazallarining maʼno-mazmuni va hozirgi paytda ham yoshu-keksa uchun birdek ahamiyat kasb etayotgani chuqur tahlil qilindi.

– Navoiyning asarlari inson qalbini maʼnan yoritib, ruhini kamol toptiradi, – deydi shartnoma asosida xizmat qilayotgan serjant F.Ramatov. – Odamni ezgulikka, tom maʼnodagi ulugʻ fazilatlarga ega boʻlishga undaydi. Yurtga sadoqat, halol mehnat, maʼrifat, jasorat va matonat kabi yuksak hislatlar keng tarannum etilgani bilan oʻquvchini oʻziga maftun etadi. Albatta, bunday olijanob fazilatlar biz, harbiy xizmatchilarning Vatan tinchligi va xalqimizning osuda, obod turmushini taʼminlashdagi vazifamizni yanada teran anglab olishimizda muhim oʻrin tutadi. Hayotda sobitqadam boʻlib, hamisha sergak boʻlishga undaydi.

Tadbirda maktab oʻquvchilari soʻz mulkining sultoni asarlari asosida tayyorlagan sahna koʻrinishlarini mahorat bilan namoyish etib, nafis gʻazallaridan namunalar oʻqidi.

UzA