Imtihonlarni aʼlo bahoga topshirgan kursantlarga Samarqand boʻylab ekskursiya uyushtirildi

105

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida qishki imtihonlarni aʼlo baholarga topshirgan 4-bosqich kursantlaridan 72 nafari uchun Samarqand shahriga ikki kunlik sayohat uyushtirildi.

Toshkent Shimoliy vokzalidan “Afrosiyob” tezyurar poyezdida ekskursiyaga otlangan sayohatchilarni Markaziy harbiy okrugi hamda Samarqand shahar Mudofaa ishlari boʻlimi masʼul ofitserlari kutib oldi.

Kursantlar ekskursiyani dastlab buyuk sarkarda Amir Temur qabrini ziyorat qilishdan boshladi. Soʻng shahar markazida qad rostlagan Amir Temur haykali poyiga gullar qoʻyishdi, tarixiy maskanlar boʻlmish Registon maydoni, Bibixonim maqbarasi, Shohizinda kabi qator meʼmoriy obidalar bilan yaqindan tanishib chiqishdi.

Sayohatning ikkinchi kunida esa kursantlar Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Soʻng Birinchi Prezidentimiz tahsil olgan 21-sonli maktabda oʻquvchi-yoshlar uchun “Jasorat va mardlik” darslari uyushtirilib, kursantlar tomonidan Qurolli Kuchlarimizda olib borilayotgan islohotlar va bilim yurti faoliyati yuzasidan maʼlumotlar berishdi. Maktabning muzeyiga bir asrlik shonli tarixga ega harbiy bilim yurti haqidagi “Mening bilim yurtim — mening faxrim” nomli esdalik kitobi sovgʻa qilindi.

Moziyga sayohat kursantlarning qishki taʼtilni maroqli oʻtkazishiga, faqat aʼlo baholarga oʻqishga undashi shubhasiz.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati