Toshkentning Mirzo Ulugʻbek tumanida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha kompleks tadbirlar oʻtkaziladi

47

Bugun, 7-fevral kuni Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani aholisi oʻrtasida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash boʻyicha tashqivot va targʻibot guruhlarini tuzish va vazifalarini belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda tuman hokimligi, Mudofaa vazirligi rahbariyati, Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman kengashi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Targʻibot guruhlarining vazifasi sirasiga aholi bilan huquqiy-profilaktik tadbirlarni tashkil etish, kam taʼminlangan oilalar hamda boquvchisini yoʻqotgan keksalar holidan xabar olish, jazoni oʻtab qaytgan fuqarolar bilan suhbatlar oʻtkazish, mahallalarda mehnat va kitob yarmarkalar tashkil etish, oʻquvchi va tarbiyasi ogʻir yoshlarni sport toʻgaraklari hamda madaniy tadbirlarga, ekskursiyalarga keng jalb etishga eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Tadbir davomida Mirzo Ulugʻbek tumanida 2018-yil mobaynida sodir etilgan jinoyatchilik holatlari tahlil qilindi. Oʻtgan yil davomida jami 738 ta turli xil koʻrinishdagi jinoyatlar sodir etilgan boʻlsa, 2019-yilning yanvar oyida ushbu koʻrsatkich aynan tuman miqyosida 32 tani qayd etgani taʼkidlandi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Prezidenti 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorni imzolagan edi. Unda jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimida oʻzaro maqsadli hamkorlikni tashkil etish, joylardagi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda jamoatchilik tuzilmalari hamkorligini yoʻlga qoʻyish belgilab berilgandi.

Endilikda Mirzo Ulugʻbek tumaniga Mudofaa vazirligi ham masʼul etib belgilandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati