O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining 8 – mart Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan TABRIGI

125

Muhtarama ayollar, aziz opa-singillar!

Hurmatli harbiy xizmatchi-ayollar!

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida jonajon O‘zbekistonimizning osoyishtaligini himoya qilish yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilayotgan Siz aziz ayollarni bahorning mana shu tarovatli kunlarida 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga samimiy hurmat
va ehtiromimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini tashkil etadigan ayollar ijtimoiy-ma’naviy, siyosiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida xususan, davlat boshqaruvi va vakillik organlarida, ishlab chiqarish, tadbirkorlik, fermerlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ma’rifat, madaniyat va boshqa ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Yurtimiz sharafini yanada ulug‘layotgan harbiy sportchi qizlarimiz, harbiy xizmatchilarning salomatligini ta’minlash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan shifokorlarimiz, ta’lim muassasalarimizda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalayotgan o‘qituvchi-murabbiylarimiz, bir so‘z bilan aytganda, harbiy qism va muassasalarda, harbiy okrug boshqaruv apparatlarida, erkaklar bilan bir safda turib yurtimiz himoyasi yo‘lida, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda ibrat ko‘rsatayotgan barcha opa-singillarimizning fidokorona mehnatini mamnuniyat bilan tilga olsak arziydi.

Albatta, bugun harbiy xizmatchilarimizga mustahkam tayanch bo‘lib turgan, uylariga fayz kiritib, farzandlarining barkamol tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan ularning rafiqalarining mehnatlarini alohida e’tirof etishimiz lozim. Turmush o‘rtoqlarining og‘ir xizmatlarida yelkadosh bo‘lib, harbiy xizmatning barcha mashaqqatlarini birga baham ko‘rayotgan bu ayollarimiz har qanday tasannoga loyiqdirlar.

Muhtarama ayollar!

Fursatdan foydalanib, barchangizni bahor elchisi bo‘lgan, o‘zingizdek go‘zal va dilbar bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, sihat-salomatlik, baxt
va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka, yurt tinchligi, Vatan ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.

Doimo sevimli oilangiz ardog‘ida bo‘lib, farzandlaringizning kamolini ko‘rib yuring! Qalbingizni quvonch, yuzingizni tabassum aslo tark etmasin!

General-mayor Abdusalom AZIZOV,

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri