Toshkentda harbiy xizmatchilar uchun mingga yaqin yangi xonadonlar foydalanishga topshirildi

166

Kecha, 11-yanvar kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Olmos” mahallasida Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari uchun imtiyozli ipoteka kreditlari asosida 904 ta xonadondan iborat 31 ta uy foydalanishga topshirildi.

Uy kalitlarini oʻz egalariga topshirish marosimida mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev, Toshkent harbiy okrugi qoʻshinlari qoʻmondoni general-mayor Bahodir Qurbonov, tuman hokimligi, huquqni muhofaza qilish organlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, yangi xonadonga koʻchib oʻtayotgan harbiy xizmatchilarni qutladilar.

Mazkur uylar zamonaviy uslubda qurilgan boʻlib, shinam va har tomonlama qulay xonadonlarga kirgan kishining koʻngli yorishadi.

“Oʻgʻlim oʻn sakkiz yilllik faoliyati davomida bir nechta viloyatda xizmat qildi. Oilasi bilan yetti marta ijara uy almashtirgan. Nabiralarim Xurshidjon va Elbek biri besh marta, biri uch marta maktabdan maktabga koʻchdi. Bugun esa ular oʻzlarining Vataniga ega boʻldi, men bundan juda ham hursandman” – deydi podpolkovnik Oʻtkir Sattorovning onasi Farogʻat Maqsudova.

Taʼkidlash kerakki, 2018-yilda Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilari uchun aynan shu mahallada 18 ta uyda joylashgan 540 ta xonadon imtiyozli ipoteka kreditlari asosida topshirilgan edi. Joriy yilda esa ushbu koʻrsatkich deyarli ikki barobarga oshgan. Bu ham boʻlsa hukumatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga qaratilayotgan eʼtiborning yorqin namunasidir.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati