“Hayot” filmi endi teleekranlarda. U bayram kunlari MTRK telekanallari orqali efirga uzatiladi

58

14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 2000-yildagi Sariosiyo voqelarida mardlik va jasorat koʻrsatgan yurti himoyachilariga bagʻishlangan “Hayot” filmi Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi telekanalar orqali ikki kun efirga uzatiladi.

  • 13-yanvar kuni “Oʻzbekiston” telekanalida — soat 22:00 da;
  • 14-yanvar kuni “Kinoteatr” telekanalida — soat 15:40 da;
  • 14-yanvar kuni “Yoshlar” telekanalida — soat 22:10 da.

Film ssenariysi Iqbol Mirzaaliyev, Zulfiya Yunusova va Hilol Nasimovga tegishli. Kinoasar 2000-yildagi Sariosiyo voqealarida qatnashgan fargʻonalik Hayot ismli yigitning taqdiri haqida hikoya qiladi.

Maʼlumki, 2000-yil avgust oyida janubiy sarhadlarimizga suqulib kirmoqchi boʻlgan xalqaro terroristik guruhlarga qarshi olib borilgan kurash chogʻida Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari Maxsus operatsiya kuchlari batalonining 21 nafar oʻzbek oʻgʻloni qahramonlarcha halok boʻlgan.

Film rejissyori boʻlmish Hilol Nasimov oʻzining “Tubanlik”, “Odnoklassniki.ru”, “Ajal jodusi” kabi kartinalari bilan tanilgan. Ushbu filmlar negizida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash yotadi.

Shuningdek, Oʻzbekiston MTRK telekanallari orqali bayram munosabati bilan “Serjantlar”, “Sardor” va “Sardor 2” milliy seriallari, “Qasamyod”, “Vatanparvar”, “Jasur”, “Vatan” va “Oʻn sakkizinchi kvadrat” kabi vatanparvarlik ruhidagi filmlar namoyish etib kelinyapti.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati