“Mening armiyam — mening faxrim!” tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

24

Kecha, 10-yanvar kuni Toshkent fotosuratlar uyida “Vatan himoyachilari kuni”ga bagʻishlangan tadbirlar qatorida “Mening armiyam — mening faxrim!” ijodiy ishlar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tanlov har yili 14-yanvar — “Vatan himoyachilari kuni” arafasida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari hamda respublikamizda istiqomat qilayotgan erkin ijodkorlar oʻrtasida Qurolli Kuchlar davlat muzeyi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi ishtiroki va koʻmagida oʻtkazib kelinadi.

Tanlovda mahoratli yurtdoshlarimiz tomonidan yaratilgan 75 nafar muallifning 250 dan ortiq ijodiy ishlari, fotosuratlar, Qurolli Kuchlar faxriylari portretlari, bannerlar, koʻrgazmali-targʻibot vositalari kabi asarlar namunalari namoyish etildi.

Koʻrik-tanlovda havaskorlar yoʻnalishi boʻyicha quyidagilar gʻolib deb topildi:

  • fotografiya, fotokollaj yoʻnalishi boʻyicha — Mahmud Yusupov;
  • tasviriy sanʼat grafika, miniatyura yoʻnalishi boʻyicha — Xasan Egamberdiyev;
  • koʻrgazmali-targʻibot vositalari (plakat, banner, flayer) — Ortiqboy Quramboyev.

Professional yoʻnalishda gʻolib boʻlganlar:

  • fotografiya, fotokollaj yoʻnalishi boʻyicha — Oqil Gʻulomov;
  • tasviriy sanʼat grafika, miniatyura yoʻnalishi boʻyicha — Ulugʻbek Mamatoʻrayev;
  • koʻrgazmaviy-targʻibot vositalari (plakat, banner, flayer) — Aleksandr Tixomirov.

Tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimida Mudofaa vazirligi masʼul ofitserlari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Qurolli Kuchlar Davlat muzeyi direktori Musallim Nuriddinov, armiyamiz faxriylari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari qatnashdilar.

Marosim yakunida Akmal Nur 1999—2000-yillarda Surxondaryoning Sariosiyo va Uzun tumanlarida boʻlib oʻtgan qoʻporuvchilik harakatlarida mardlarcha halok boʻlgan har bir harbiy xizmatchining portretlarini Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari davlat muzeyiga topshirdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati