Toshkentda 4 kun davomida vatanparvarlik festivali oʻtkaziladi

10

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga muvofiq Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yurtimizda davom etayotgan “Vatanparvarlik oyligi” tadbirlari doirasida poytaxtimiz Toshkent shahri markazida joylashgan “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi yonidagi maydonda harbiy vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtadi.

Yurtimiz boʻylab keng nishonlanayotgan umumxalq bayrami – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda DXX Chegara qoʻshinlari qoʻmondonligi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan festivallar 11, 12, 13 va 14 yanvar kunlari soat 14.00 dan 18.00 ga qadar oʻtkaziladi.

Tadbirlarda taniqli estrada xonandalari va harbiy sanʼatkorlar tomonidan konsert dasturlari, harbiy texnika va qurol aslaha namunalarining namoyishi, harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali chiqishlari taqdim etiladi.

Bayram tadbirlarida faol qatnashing!

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati