Fotoreportaj: harbiy xizmatchilar bolalar bogʻchalarida

11

Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligiga qarashli Fargʻona viloyatida joylashgan harbiy qismlardan birining harbiy xizmatchilari “Oʻzbekiston posbonlari — tinchligimiz qalqonlari” shiori ostida Margʻilon shahrida joylashgan 18- va 28-maktabgacha taʼlim muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Tadbirda tarbiyalanuvchilar tomonidan Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan sheʼr va raqslar, qiziqarli sahna koʻrinishlari va estafeta oʻyinlari mehmonlar uchun namoyish etildi.

Shuningdek, Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan “Ertaklar olamida” nomli maktabgacha taʼlim muassasasida ham “Men ham harbiy boʻlaman” shiori ostida bolajonlar uchun bayram uyushtirildi. Harbiylar ust-boshini egniga kiygan bolajonlar oʻzlari yod olgan sheʼrlari-yu kichkina sahna koʻrinishlari bilan barchaning olqishiga sazovor boʻldi. Unda Qurolli Kuchlar safida koʻp yillik xizmat tajribasiga ega boʻlgan ulugʻ faxriylar ham ishtirok etdi.

Yigʻilganlar va bogʻchadagi tarbiyalanuvchilar oʻrtasida turli koʻngilochar oʻyinlar tashkil etildi. Tadbir soʻngida Chirchiq garnizoni qoʻmondonligi tomonidan bolajonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Bu kabi tadbirlar respublikamizning barcha viloyatlarida tashkil etilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati