O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirligi qo‘shinlarida “Obodonlashtirish va shaxsiy tarkib uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish oyligi” e’lon qilindi

121
Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

Mudofaa vazirining buyrug‘iga muvofiq joriy yilning 1 martdan 1 aprel kuniga qadar Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qism va muassasalar hududlarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish maqsadida “Obodonlashtirish va shaxsiy tarkib uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish oyligi” o‘tkaziladi.

Foto: Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati

“Mening harbiy qismim – mening faxrim”, “Mening uyim – mening yuzim” shiorlari ostida o‘tkazilayotgan ushbu xashar tadbirlarida harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari yashayotgan hududlar, ko‘chalar, ko‘p qavatli uylarga kirish yo‘laklari, ariqlarni tozalash, bolalar maydonchalarini tartibga keltirish, gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, ularni oqlash hamda butash kabi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Obodonlashtirish oyligi davomida harbiy xizmatchilarni kundalik xizmat faoliyatini o‘tashda qulay shart-sharoitlar yaratish, umumiy foydalanish xonalarini tartibga keltirish, birlamchi sanitariya holatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Obodonlashtirish oyligi davomida, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning qabrlarini tartibga keltirish, yordamga muhtoj keksalar, nafaqaxo‘rlar va nogironlar hamda ular oilalarining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish, harbiy qism va muassasalar yaqinida joylashgan mahallalarni obodonlashtirish kabi ishlar ko‘zda tutilgan.