Magnus Karlsenni magʻlubiyatga uchratgan grossmeyster harbiy xizmatchilarga master-klass oʻtdi

8

Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtida xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov hamda xalqaro toifadagi sport ustasi Shamsiddin Vohidov ishtirokida shaxmat boʻyicha master-klass darsi boʻlib oʻtdi.

Bilim yurti harbiy xizmatchilari va ularning farzandlari, kursant va askarlar ishtirok etgan uchrashuv davomida chempionlar bilan boʻlgan suhbat barchada iliq taassurot qoldirish bilan bir qatorda, yigʻilganlarning shaxmatga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi. Tadbir davomida jahon chempionlari bilan musobaqa tashkil etilib, Nodirbek Abdusattorov va Shamsiddin Voxidov bir vaqtning oʻzida harbiy xizmatchilar, kursantlar va bolalar tarkibidan iborat 10 nafar raqib bilan tezkor shaxmat musobaqasida bellashdilar.

Uchrashuv soʻnggida shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasining bosh murabbiyi Saidali Yuldashev hamda yosh grossmeysterlar bilim yurti boshligʻi nomidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, mehmonlar bilim yurtining “Faxriy mehmonlar” kitobiga oʻz dasxatini qoldirdi.

Xalqaro toifadagi grossmeyster Nodirbek Abdusattorov 2018-yilning dekabr oyida Turkiyaning Konya shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Jahon shaxmat olimpiadasida oltin medalga sazovor boʻlgan. Dunyo boʻyicha eng yosh xalqaro toifadagi grossmeysterlardan biri hisoblanadi.

Shamsiddin Vohidov esa oʻtgan yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida shaxmat boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida rapid hamda blits yoʻnalishi boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida amaldagi jahon chempioni norvegiyalik xalqaro grossmeyster Magnus Karlsenni magʻlubiyatga uchratgandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati