Samarqandda «Men harbiy boʻlaman!» rasmlar tanlovi gʻoliblari taqdirlandi

10

Samarqanddagi “Yoshlar markazi”da Markaziy harbiy okrug, Samarqand viloyat hokimligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat Kengashi bilan hamkorlikda “Men harbiy boʻlaman” shiori ostida rasmlar tanlovi boʻlib oʻtdi.

Unda Yoshlar ittifoqi markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Alisher Saʼdullayev, Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi hamda oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Tanlovda yurtimiz tinchligi yoʻlida xizmat qilayotgan mard va jasur oʻgʻlonlar hayoti, chegara qoʻshinlarida xizmat vazifasini oʻtayotgan askarlar, masʼuliyatli soha aks etgan rasmlar namoyish etildi. Yosh rassomlar ijodini koʻrsatib bergan mazkur tanlov Vatanga boʻlgan muhabbat, sadoqat, jasorat, faxr va iftixor tuygʻularini teran anglash imkonini berdi.

Shuningdek, tanlovda buyuk sarkarda, sohibqiron Amir Temurning shonli harbiy yurishlari hamda gʻurur va qatʼiyat mujassam boʻlgan suratlarda aks ettirildi.

Tanlov natijalariga koʻra, “Mening armiyam – mening faxrim” yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin Aziza Esonovaga nasib etdi. “Men ham harbiy boʻlaman” yoʻnalishida 1-oʻrinni Doniyor Boltayev qoʻlga kiritdi. “Sohibqiron Amir Temur portreti” yoʻnalishi boʻyicha esa 1-oʻringa Sanjar Ismatov munosib deb topildi.

Gʻoliblar diplom va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati