“Mening armiyam – mening faxrim” festivali

11

Samarqandda “Vatan muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” shiori ostida “Mening armiyam – mening faxrim” festivali oʻtkazildi.

Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Milliy gvardiya viloyat boʻlimi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda harbiy qism va muassasalar xizmatchilari, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari xodimlari, mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti maktablari tinglovchilari, talaba va oʻquvchilar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Festival harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarning safda yurishi namoyishi bilan boshlandi. Milliy gvardiya xodimlari va harbiy qismlar xizmatchilarining koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi.

Koʻksaroy maydonida tashkil etilgan harbiy-texnika vositalari, qurol-aslahalar koʻrgazmasi, harbiy dala oshxonasi va harbiy dala tibbiyot punkti faoliyatini ham ishtirokchilar katta qiziqish bilan kuzatdi. Ayniqsa, yoshlar askarlar, kursantlar va ofitserlar bilan dildan suhbatlashib, ularni bayram bilan tabrikladi.

Festival doirasida marafon oʻtkazilib, unda turli yoshdagi 2 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ular Registon maydoni oldidan start olib, Universitet xiyobonidagi finish chizigʻini bosib oʻtdi. Marafon gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan munosib ragʻbatlantirildi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni A.Saidov ishtirok etdi.

UzA