Buyuk ajdodlarga munosib vorislar

0
669

Qadim zamonda bir yurtga gʼanim bostirib keladi. Toʼsatdan kelgan yovga qarshi jang qilib, behuda qon toʼkishni istamagan ushbu mamlakat podshohi sulh tuzish harakatini qiladi. Dushman tomon suyukli otini soʼrasa ham, sevgan yorini berishini shart qilsa ham koʼnadi. Ammo uchinchi marotaba unga tegishli yerlarni soʼragan yovga qarshi: “Vatanimning bir qarich yerini ham senlarga bermayman”, deya jang maydoniga chiqadi…

Darhaqiqat, er kishi uchun Vatan himoyasidan boʼlak yuksak sharaf yoʼq. Yigitga eng yarashiqli kasb-kor ham yurt istiqboli yoʼlida jon kuydirish, xalqi va oilasi tinchligini muhofaza etishdir. Bu yoʼlda sobitqadam boʼlib, kerak boʼlsa, jonini fido qilib yurtimizni yomon koʼzlardan asraganlar qancha. Bugun ularning nomi hurmat va ehtirom bilan tilga olinadi. Avlodlarga oʼrnak qilib koʼrsatiladi. Shubha yoʼqki, ular ham murgʼakligida buyuk bobokalonlariga, botir ajdodlariga havas qilgan, ulardek boʼlishni orzu qilgan.

Amir Temur, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Boburdek jasur ajdodlarlarning munosib vorislari boʼlish bugun bizning oldimizda turgan sharafli, gʼururli vazifadir. Aytish joizki, oʼlmas siymolarimiz nomini abadiylashtirish, ular merosini oʼrganib, kelajak avlodga munosib tarzda yetkazishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Amir Temur vorislari” va “Jaloliddin Manguberdi izdoshlari” nomi ostida hududlar kesimida harbiy-maʼmuriy sektor rahbarlarining sovrini uchun qizgʼin bahslar ketmoqda.

Bugun Janubi-gʼarbiy maxsus harbiy okrugida ham Qurolli Kuchlar tuzilmalari tarkibiga kiruvchi barcha harbiy qism va muassasalar oʼrtasida 6 ta yoʼnalish boʼyicha bellashuv tashkil etildi. Bellashuvda Oʼzbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining kursantlari va muddatli harbiy xizmatchilaridan iborat jamoasi yuksak nom uchun kurashdi hamda sovrindorlar qatoridan oʼrin egalladi.

Mudofaa vazirligi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti