Harbiylar jasorati yoshlar qalbida gʻurur uygʻotadi

29

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 145-umumtaʼlim maktabgacha taʼlim muassasasida “Men ham harbiy boʻlaman” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Prezidentimizning 2018-yil 13-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi bilan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari podpolkovnik Lochin Narziqulov bolajonlarga harbiy sohaning naqadar sharafli kasblardan biri ekani xususida gapirib berdi. Kursantlar va muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan ona Vatan, doʻstlik va mardlikni madh etuvchi sheʼrlar aytilib, bolajonlarni bayram tabrikladi.

Tadbirda maktabgacha taʼlim muassasasining iqtidorli bolajonlari tomonidan tayyorlangan milliy raqs va sahna koʻrinishlari barchada katta taassurot qoldirdi. Akademiya harbiy orkestri tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar bolajonlarni xushnud etdi.

Shuningdek, xuddi shunday tadbir tumandagi 69-umumtaʼlim maktabi oʻquvchi yoshlari ishtirokida ham oʻtkazildi.

Manba: UzA