Askarlar oʻrtasida ilk bor “Ilgʻor mutaxassis” tanlovi oʻtkazilmoqda

126

11-dekabr kunidan boshlab Markaziy harbiy okrugiga qarashli “Forish”, Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugining “Termiz” va “Nuriston” hamda Toshkent harbiy okrugining “Chirchiq” poligonlarida aralash tarkibdagi harbiy qismlarda aniq mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlanayotgan muddatli harbiy xizmat oddiy askarlari oʻrtasida “Ilgʻor mutaxassis” musobaqasining yakuniy bosqichi boshlandi.

Oʻzbekiston armiyasida ilk bor oʻtkazilayotgan mazkur musobaqa 21-dekabr kuniga qadar 20 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi. Ularda 230 nafarga yaqin muddatli harbiy xizmatchilar oʻzaro kuch sinashadi.

Musobaqalarning ochilish marosimlarida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi hamda harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonliklari vakillari askarlarni qizgʻin qutlab, bahslarda mahorat va matonatlarini namoyish etishlarida zafarlar tilashdi.

Yakuniy bosqich davomida askarlar test sinovlari va jismoniy tayyorgarlikdan nazorat mashqlarini topshiradi hamda mutaxassisligi boʻyicha amaliy koʻnikmalarini namoyish etishadi.

Ushbu tanlov muddatli harbiy xizmatchilarda jangovar tayyorgarlik va harbiy mahoratni muntazam oshirib borish, askarlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, ularning mutaxassisliklari boʻyicha bilimlarini takomillashtirish va malakalarini yanada oshirish maqsadida tashkil etilgan.

Soʻngi yillarda milliy armiyani izchillik bilan isloh qilish va rivojlantirish davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar va kichik mutaxassislarni tayyorlash borasida keng koʻlamli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Taʼkidlash joizki, bu yildan eʼtiboran muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlar bilan aralash tarkibdagi harbiy qismlarda alohida harbiy mutaxassisliklar boʻyicha intensiv mashgʻulotlar oʻtkazib kelinyapti.

Eslatib oʻtamiz, dekabr oyining boshida Sharqiy harbiy okrugiga qarashli “Fargʻona” harbiy qism va dala-oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshin turlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul qoʻshinlari hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining harbiy xizmatchilari oʻrtasida Qurolli Kuchlarda anʼanaviy oʻtkazilayotgan eng katta koʻrik-tanlov — “Eng ilgʻor mutaxassis”ning yakuniy bosqichi oʻtkazilgandi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati