Andijonda harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining 40 nafariga ishga joylashish uchun yoʻllanma berildi

155

Andijon shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Andijon harbiy prokuraturasi hamda Andijon viloyati hokimligi bilan hamkorlikda mehnat yarmarkasi tashkillashtirildi.

Unda Andijon shahridagi mulkchilik shakli turlicha boʻlgan 45 ta tashkilot 1000 dan ziyod boʻsh ish oʻrni bilan ishtirok etdi.

Andijon garnizonida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilari oila aʼzolari hamda harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoyasini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarni davom ettirish, ularni ish bilan taʼminlash maqsadida mehnat bilan band boʻlmagan fuqarolarni oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirish yuzasidan oʻtkazilgan yarmarkada Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, shuningdek, viloyat davlat idoralari rahbarlari qatnashdi.

Yarmarka davomida harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining 40 nafari oʻzlariga maʼqul boʻlgan ishga joylashish uchun yoʻllanma oldi.

Bundan tashqari, Andijon garnizonida joylashgan harbiy qismlar harbiy xizmatchilarining oila aʼzolari bilan ochiq muloqot va sayyor qabul oʻtkazilib, fuqarolarning mavjud muammolari ham oʻrganib chiqildi.

Shuningdek, bu kabi yarmarka bugun, 11 dekabr kuni Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ham oʻtkazildi. Toshkent shahrining 3 ta tumani boʻyicha tashkil etilgan yarmarkada jami 150 ga yaqin harbiy xizmatchilarning oilalari ishtirok etdi.

30 dan ortiq davlat tashkilotlari oʻzlarining boʻsh ish oʻrinlari bilan qatnashgan yarmarka yakunida 60 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning oila aʼzolariga yoʻllanmalar taqdim etildi.

Bu turdagi mehnat yarmarkalari respublikaning barcha hududlari boʻylab oʻtkazilmoqda.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati