Armiyadagi Yoshlar ittifoqi yetakchilari kelgusi yilga rejalarni belgilab oldi

99

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi binosiba Ittifoq boshlangʻich tashkilot yetakchilari va yoʻnalish sardorlarining 2018-yil yakunlariga oid videoselektor hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalardagi barcha yetakchilar va yoʻnalish sardorlari, viloyat kengashlari Yoshlar ittifoqi raislari hamda harbiy qismlar boʻyicha boʻlim mudirlari ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilot yetakchisi podpolkovnik Sardor Abdusamatov Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar va 2018-yilda amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotini yetkazdi. Oʻtkazilgan tahlil natijalariga koʻra, joylarda hamon kamchiliklar mavjud, ularni bartaraf etish choralari, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar toʻgʻrisida aniq tavsiyalar berdi.

“Har bir yetakchi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan toʻgʻri xulosa chiqarishi kerak. Kamchilik va muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish, kelgusida ularning yana oyoqqa tushov boʻlmasligi uchun biz har qanday yordamga tayyormiz. Faqat buning uchun pastdagi sardorlar aniq va asosli takliflar bilan chiqsa bas, — dedi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi harbiy qismlar bilan ishlash boʻlimi mudiri podpolkovnik Otabek Yuldashev.

Videoselektor yigʻilishida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilot yetakchilari va yoʻnalish sardorlariga Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi va Oʻzbekiston banklari Assotsiatsiyasining 2018-yil 16-oktyabrdagi “Muddatli harbiy xizmatchilar bilan tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish uchun kreditlar olish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini tushuntirishga qaratilgan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorda belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida ijro etish, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hududiy kengashi va mahalliy bank xodimlari bilan xamkorlikda harbiy qismlarda tuzilgan oʻquv guruhlarni oʻqitish jarayonini sifatli tashkil etish, muddatli harbiy xizmatchilarni test sinovlariga tayyorlash hamda belgilangan tartibda sertifikatlarni tantanali ravishda taqdim etish boʻyicha vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilishda yosh harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqotlar tashkil etish, harbiy qismda uchrayotgan yoshlar muammolarini oʻrganib, ularning yechimi boʻyicha yuqori qoʻmondonlikka takliflar kiritishdagi kamchiliklar ham sarhisob qilindi.

Shundan soʻng, Mudofaa vazirligi Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkiloti xodimlari bir guruh yoshlar bilan Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ham uchrashuv oʻtkazdi. Unda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga boʻlgan sadoqat hissini shakllantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Tadbir yakunida muzey boʻylab ekskursiya tashkil etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati