“Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” kurash boshlandi

0
998

Malaka, bilim, qat’iy xarakter, yuqori professionallik va intizom, ma’naviy barkamollik, inoqlik va puxta harakatlana olish qobiliyati…

Harbiy xizmatchi uchun bu tushunchalar har dam sinovdan o‘tmog‘i, qalblarda mustahkam o‘rnashib bormog‘i lozim. Ayniqsa, ota-bobolarimiz janglarda mag‘rur hilpiratgan jangovar bayroq sharafi barchamiz uchun aziz va muqaddasdir.

Bugun, 20-dekabr kuni Qurolli Kuchlar akademiyasida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqasiga start berilar ekan, buyuk jahongashta bobomiz faoliyatiga yana bir bor ehtirom ko‘rsatildi.

Marosimda Mudofaa vazirligi mas’ullari, turli mutasaddi tashkilot vakillari, harbiy okrug jamoalari ishtirok etib, so‘z olganlar ushbu musobaqa harbiy xizmatchilarning ilmi va jismoniy kuchi, fidoyiligi, yuksak mahoratini oshishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tishdi.

Harbiy orkestr sadolari ostida Amir Temur obrazidagi chiqishlar esa barchaga milliy g‘urur va yuqori kayfiyat baxsh etdi.

Ushbu musobaqada harbiy okrug va birlashmalarning jamoalari o‘zlarining jangovar shayligi, ma’naviy-marifiy salohiyati, qo‘shinlar xizmati, harbiy intizom holati, shuningdek, milliy qadriyatlar va milliy sport turlari yo‘nalishidagi mahoratlarini namoyon etishadi. Nufuzli mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati esa ularni belgilangan me’zonlar bo‘yicha baholab boradi.

Demak, oldimizda “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” kechadigan bir-biridan qiziqarli va shiddatli shartlar turibdi. Biz esa har bir jarayonni saytimiz orqali yoritib borishga harakat qilamiz.

Katta leytenant Bobur ELMURODOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti