“Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” qoʻshiqlar koʻrik-tanlovi finalining oʻtkazilish sanasi maʼlum boʻldi

158

Joriy yilning 15-dekabr kuni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” qoʻshiqlar koʻrik-tanlovi hamda “Posboniman muqaddas yurtning” nomli sheʼrlar tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtadi.

Mazkur tanlov Oʻzbekiston Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari hamda Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan 2015-yil 29-dekabrda imzolangan “Harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi sheʼr va qoʻshiqlar tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori asosida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinadi.

Tanlov nizomiga koʻra “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” koʻrik-tanlovida nominatsiyalar boʻyicha gʻolib deb topilgan har bir qoʻshiq mualliflariga diplom va quyidagi miqdorda pul mukofoti ajratiladi:

  • birinchi oʻringa (1 ta) – 3 000 000 (uch million) soʻm;
  • ikkinchi oʻringa (1 ta) – 2 500 000 (ikki million besh yuz ming) soʻm;
  • uchinchi oʻringa (1 ta) – 2 000 000 (ikki million) soʻm.

“Posboniman muqaddas yurtning” nomli sheʼrlar tanlovining gʻoliblari Oʻzbekiston Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining diplomi hamda quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:

  • birinchi oʻringa (1ta) – eng kam ish haqining 5 (besh) barobari miqdoridagi pul mukofoti;
  • ikkinchi oʻringa (1 ta) – eng kam ish haqining 4 (toʻrt) barobari miqdoridagi pul mukofoti;
  • uchinchi oʻringa (1 ta) – eng kam ish haqining 3 (uch) barobari miqdoridagi pul mukofoti.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati