300 nafardan ziyod harbiy xizmatchilar toʻsatdan tekshiruvlarni muvaffaqiyatli oʻtkazgani uchun mukofotlandi

225

Oldin xabar berilganidek, 26—30-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning koʻrsatmasiga muvofiq Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun kompleks oʻquv mashgʻulotlari boʻlib oʻtgan edi.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yilga qadar Oʻzbekiston armiyasida bu kabi keng koʻlamli toʻsatdan tekshiruv oʻtkazilmagan. Ushbu oʻquv mashgʻulotlarida Mudofaa vazirligining barcha qoʻshin turlari ishtirok etdi.

Tekshiruv davomida oʻtkazilgan maxsus-taktik mashgʻulotlar harbiylarimizning yuksak professionalligi, armiyamizning yuqori jangovar shayligini namoyon etdi.

28-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent harbiy okrugidagi “Chirchiq” dala-oʻquv maydonida Qurolli Kuchlarimiz asosini tashkil etayotgan Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining oʻquv-jangovar mashgʻulotlarini kuzatdi. Professionalligi bilan alohida namuna koʻrsatgan bir guruh harbiy xizmatchilarni esdalik sovgʻalari bilan mukofotladi.

Toʻsatdan tekshiruvlarning yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston mudofaa vazirining buyrugʻi bilan qoʻshinlar tezkorligi, jangovar shayligi hamda oʻzaro hamkorligini taʼminlash, xususan kompleks mashgʻulotlarda alohida namuna koʻrsatgan 300 nafardan ziyod harbiy qism va muassasalarning harbiy xizmatchilari “NAMUNALI XIZMATI UCHUN” koʻkrak nishonlari, pul mukofotlari, esdalik sovgʻalari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Jumladan, “Chirchiq” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov 8-dekabr – Konstitutsiya kuni arafasida Toshkent harbiy okrugi harbiy xizmatchilariga mukofotlarni tantanali tarzda topshirdi.

Shuningdek, mudofaa vaziri oʻrinbosarlari bayram arafasida barcha harbiy okruglarda vazirlik qoʻshinlarining kompleks tekshiruvlari yakuni boʻyicha yuqori natijalarga erishgan harbiy xizmatchilarga mukofotlarni berishdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati