Mudofaa vazirligi qoʻshinlarini toʻsatdan tekshirish davom etmoqda. Qoʻshinlar oʻquv-jangovar vazifalarni bajarish punktlariga tashlandi (fotoreportaj)

204

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishiga muvofiq, 26-noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qoʻshinlari oʻquv trevogasi boʻyicha koʻtarilgan boʻlib, hozirda ham uning doirasidagi tashkiliy tadbirlar davom etmoqda.

Mamlakat Mudofaa vazirligi qoʻshinlari jangovar shayligini majmuaviy tekshirishning ikkinchi bosqichida jangovar harakatlarni bajarishda belgilangan punktlarga shaxsiy tarkib hamda harbiy texnikalarning avtomobil va temiryoʻl texnikasi yordamida olib oʻtilishi bilan qoʻshinlarning tezkorligi va shayligi namoyish etildi. Shunday qilib, Mudofaa vazirligi qoʻshinlari sakkizta poligonga joylashtirildi. Oʻquv mashgʻulotlari boʻyicha navbatdagi harakatlar “Shoʻrsu”, “Angren”, “Forish”, Kattaqoʻrgʻon”, “Nuriston”, “Termiz” va “Nukus” poligonlarida boʻlib oʻtyapti, harbiy okruglarning birlashgan guruhlari ochiq hududga joylashtirildi va maxsus operatsiyalarni oʻtkazish rejalashtirildi. Razvedka maʼlumotlari asosida kuch va vositalarning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Mobil boshqaruv punktlarida ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Boʻlinmalarni boshqarish va harakatlarini muvofiqlashtirishda eng muhim jihat — bu, shubhasiz, barqaror aloqaning tashkil ekani. Qoʻshinlarda aloqaning uzluksizligi taʼminlangan va muntazam qoʻllab-quvvatlanmoqda. Shu kunning oʻzida shturm hamda qoʻnish imkoniyatiga ega aviatsiya texnikalari yordamida shaxsiy tarkibni desantlashtirish masalalari koʻrib chiqildi, jangovar samolyot va vertolyotlar asosiy aerodromlardan zahiradagi harbiy okruglarning aerodromlariga olib oʻtildi. Kuch tuzilmalarining boshqaruv organlari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatildi. Oʻta muhim va toifalangan obyektlarni qoʻriqlash va himoya qilishda qoʻriqlov boʻlinmalari jangovar holatda xizmatni amalga oshirishiga oʻtkazildi. Jangovar vazifalarni bajarish punktlarida alohida oʻquv hududlari tashkil etildi, bu yerda harbiy xizmatchilar oʻzlarining jangovar tayyorgarlik borasida koʻnikmalarini oshiryapti.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati