Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlari shayligi tekshiruvining birinchi kuni (fotoreportaj)

372

Bugun, erta tongda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar shayligini tekshirish boʻyicha majmuaviy tadbirlar boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan bugun, 26-noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun keng koʻlamli oʻquv mashgʻulotlari boshlandi. Unga asosan Mudofaa vazirligi qoʻshinlari “Trevoga!” signali boʻyicha koʻtarildi. Ushbu oʻquv mashgʻuloti 30-noyabrga qadar, besh kun davomida oʻtkaziladi. Unda Mudofaa vazirligining barcha qoʻshinlari qatnashmoqda.

Qoʻqqisdan tekshiruvning asosiy maqsadi — joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qoʻshinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat. Qoʻshinlar qoʻllanilishi boʻyicha tegishli vazifalarni belgilangan muddat ichida bajarishlari, yaʼni harbiy xizmatchilarning oʻquv-jangovar topshiriqlarni amalga oshirishi va nostandart qarorlarni qabul qilishga tayyor ekanliklarini koʻrsatishlari lozim.

Bunga qadar harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi faqatgina harbiy okruglar miqyosida tekshirilgan. Bu kabi keng koʻlamli qoʻqqisdan tekshiruvlar Oʻzbekiston armiyasida avval oʻtkazilmagan.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshligʻi tomonidan vazifalar belgilab berildi va harbiy okrug qoʻmondonliklariga yetkazildi. Shundan soʻng, statsionar boshqaruv punktlari tashkil etildi va unda amaliy ishlar boshlab yuborildi, harbiy okruglarning mobil boshqaruv punktlari oʻz ishini boshladi.

Bunda asosiy eʼtibor qoʻshinlarni barqaror va uzliksiz boshqarishni tashkil etish hamda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tekshiruvning ushbu bosqichida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qatʼiy rioya qilindi.

Qoʻqqisdan tekshiruv davomida qoʻshinlar harakati ustidan nazorat va tahlilni maxsus tuzilgan idoralararo ishchi komissiyasi olib bormoqda.

Signal qoʻqqisdan berilgan boʻlsada, qoʻshinlarni shoshirib qoʻymadi. Oʻquv yili davomida qoʻqqisdan boʻladigan tadbirlar boʻyicha oʻtkazilgan mashgʻulotlar harbiy xizmatchilarda eng masʼuliyatli vaziyatlarda jangovar shay holatga tayyor turishini taʼminladi.

Bugun, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlari avto hamda zirhli texnika vositalari tarkibida belgilangan hududlarga kolonna shaklida marshni amalga oshirdi. Harbiylarning maʼnaviy va psixologik holati barqaror, shaxsiy tarkib keyingi vazifalarni bajarishga tayyor turibdi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasi situatsion markazida oʻquvlarning birinchi bosqichi yakunlariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonlari oʻtkazilgan tadbirlar boʻyicha Mudofaa vaziri Abdusalom Azizovga hisobot berdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati