Oliy Majlisda mudofaa tizimida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berildi

1

Kecha, 5-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yigʻilishida belgilab berilgan mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash borasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqadigan vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Hotamjon Ketmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Raximjon Xakimov, Oʻzbekiston mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Azizbek Ikramov ishtirok etdi.

Majlisda mudofaa vazirining oʻrinbosari Xavfsizlik kengashining 28-noyabrdagi yigʻilishida Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan koʻtarilgan masalalar hamda oʻtgan bir yil davomida vazirlik tizimida amalga oshirilgan ishlar xususida hisobot berdi.

Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, 2018-yilda harbiy xizmatchilar uchun 74 ta turar joy uchun uylar qurilgan boʻlib, 2200 ga yaqin xonadonlar uzoq muddatli imtiyozli ipoteka krediti asosida hamda 614 ta xizmat xonadonlari qurilib, foydalanishga topshirish uchun tayyorlanmoqda (2017-yilda esa 56 ta uyda 1224 ta xonadon ipoteka keriti asosida hamda 416 ta xizmat xonadonlari harbiy xizmatchilarga berilgan edi). Joriy yilda 500 nafarga yaqin harbiy xizmatchilarning farzandlari oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirgan boʻlsa, ularning 338 nafari imtiyozli kvota asosida talabalikka qabul qilingan. Shuningdek, 1999—2000-yillarda Surxondaryoda sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida halok boʻlgan 26 nafar qahramonning byustlari oʻzlari oʻqigan maktablariga oʻrnatilgan.

Yigʻilish davomida Oʻzbekiston mudofaa salohiyatini oshirishga xizmat qiladigan bir qator takliflar ham bildirib oʻtildi. Jumladan, harbiy xizmatga chaqiruv muddatini fevral oyidan martning oxiri — aprel oylariga koʻchirish, mavjud harbiy texnikani modernizatsiya qilish, uni saqlash sharoitini yaxshilash, ayrim ehtiyot qismlar va aslahalarni oʻzimizda ishlab chiqarish, taʼmirlashni yoʻlga qoʻyish, eskirib ketgan nizom va qoʻllanmalarni bugungi kun talabiga moslashtirish taklfilari sanab oʻtildi.

Bundan tashqari yigʻilishda bir qator kamchiliklar ham sanab oʻtildi, xususan, Qurolli Kuchlarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni takomillashtirish boʻyicha tizimli va kompleks tadbirlar tashkil qilingan boʻlsada, oʻtkazilgan tadbirlarning harbiy xizmatchilarga taʼsiri va natijadorligini baholash mezoni mavjud emasligi, Mudofaa vazirligi “Vatanparvar” Birlashgan tahririyati hamda Qurolli Kuchlar Media markazining oʻrni va ahamiyati sezilarli darajada emasligi taʼkidlandi.

Harbiy pensionerarni jamiyatga moslashtirish maqsadida jamoat tashkilotlari bilan birgalikda reabilitatsiya markazlarini tashkil etish, harbiy xizmatchilarning oila aʼzolarini ish bilan taʼminlash kabi masalalar ham eʼtibordan chetda qolmadi.

Yigʻilishda Azizbek Ikramov tomonidan yuqoridagilarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi harakatlarini axloqiy-ruhiy taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida axloqiy-ruhiy taʼminot konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish taklifi bildirildi.

Taʼkidlash kerakki, Oliy Majlis binosida birinchi marta tashkil etilgan qurol-aslaha koʻrgazmasi yigʻilganlarda katta taassurot qoldirdi. Barcha ishtirokchilar namoyishga qoʻyilgan zamonaviy qurol-aslahalar hamda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun moʻljallangan yangi dala kiyim namunalari bilan tanishdi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati