Qoʻmondon iqtidorli yoshlar bilan uchrashdi

0
592

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Farhodjon Shermatov Nukus shahrida joylashgan Ibrayim Yusupov nomidagi ijod maktabining iqtidorli yoshlari bilan uchrashdi.

Tadbir avvalida qoʻmondon yoshlar bilan birgalikda Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibrayim Yusupovning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirib, maktab oldida oʻrnatilgan byusti poyiga gul qoʻydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yilda bunyod etilgan ushbu maktab Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibrayim Yusupov nomini abadiylashtirish, uning izdoshlarini kashf etish va isteʼdodlarini keng namoyon qilishlari uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida ochilgan. 239 nafar oʻquvchiga moʻljallangan maktab bugungi kunda oʻquvchilarga qoraqalpoq fani va adabiyotini chuqur oʻrgatishga ixtisoslashgan boʻlib, darslar intensiv usulda olib borilmoqda.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramini munosib qarshilash maqsadida mamlakatimiz boʻylab joriy etilgan “Vatanparvarlik oyiligi” doirasida boʻlib oʻtgan “Qoʻmondon va yoshlar” uchrashuvida yoshlar milliy armiyamiz, mudofaa salohiyatimiz, harbiy xizmatchilar tomonidan qoʻlga kiritilayotgan ulkan yutuq va marralar haqida qoʻmondondan batafsil maʼlumot olishdi.

Harbiy okrug rahbari oʻz nutqida soʻnggi yillarda Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida jangovar tayyorgarlik va uni samarali tashkil etishga qaratilib, oʻquv-jangovar mashgʻulotlar murakkablashtirilayotgani, topshiriqlarni tungi sharoitda, notanish poligon va hududlarda bajarish imkoniyatlari oshirilgani, taktik harakatlarning yangi usul va uslublari amaliyotga samarali joriy etilayotganini eʼtirof etdi. Xalqaro harbiy va harbiy-texnik hamkorlik doirasida yoʻlga qoʻyilgan har tomonlama aloqalar natijasida nufuzli harbiy akademiyalar va markazlar mutaxassislari bilan tajribalar almashilayotgani, rivojlangan mamlakatlar mudofaa akademiyalari, strategik tadqiqotlar markazlari bilan aloqalar mustahkamlanayotganini alohida taʼkidladi.

Uchrashuvda yoshlar Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻzaro tajriba almashish va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida jangovar tayyorgarlikdan “Men gʻolib!” shiori ostida oʻtkazib kelinayotgan musobaqalarning bu yilgi bosqichida harbiy okrug jamoasi vazirlik miqyosida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani haqida ham maʼlumotlarga ega boʻldi.
Mamlakatimiz yoshlarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va munosib ragʻbatlantirish maqsadida bu yildan eʼtiboran umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Mudofaa vaziri kubogi uchun oʻtkazilgan “Vatanparvarlar” musobaqasida ham qoraqalpogʻistonlik yoshlar faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgani yoshlarda faxr-ifxitor tuygʻularini oshirdi.

Samimiy ruhda oʻtgan uchrashuv davomida qoʻmondon yoshlarni ulkan marralar sari ruhlantirib, har bir insonning orzusi, maqsadi, osmondagi yulduzi boʻlishi kerakligini, unga erishish uchun oʻqib-izlanib, mehnat qilish zarurligini uqtirdi, pandu-nasihatlar berdi. Ulkan maqsadlarga erishishning oddiy sirlari haqida oʻrtoqlashdi va yoshlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.

Uchrashuvda faol ishtirok etgan yoshlar va maktab jamoasi harbiy okrug qoʻmondonligi tomonidan faxriy yorliq hamda badiiy adabiyotlar toʻplamlari bilan taqdirlandi.
Mehmonlar maktabda oʻquvchilarning sifatli va jahon standartlariga mos tarzda taʼlim-tarbiya olishi, ijod bilan shugʻullanishi, yashashi, ovqatlanishi hamda sport bilan shugʻullanishi uchun yaratilgan keng imkoniyat va qulayliklar, maktab fondidagi I.Yusupovga atalgan kichik muzeyi fondi bilan tanishishdi.
Nukus garnizoni harbiy okrestri hamda faxriy qorovul vzvodi tomonidan namoyish etilgan bayramona konsert dasturi oʻquvchilarga olam-olam zavq ulashdi.

Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati