Mudofaa vazirligi “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida 1-o‘rinni egalladi

0
1628

O‘zbekiston Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq, joriy yilda respublika miqyosida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy sohadagi “Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida Mudofaa vazirligi 96,9 ball bilan faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazildi. Tantanada davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli olimlar, madaniyat xodimlari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar bugun respublikamiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar ko‘lami, miqyosi va erishilgan natijalarni e’tirof etdi.

Ta’kidlash kerakki, tanlovga ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ygan, bu borada yuqori samaradorlikka erishgan 20 ta vazirlik va idoradan ariza qabul qilindi. G‘oliblikka da’vogarlarning faoliyati Prezident adminstratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan joylarga chiqib, nizomda belgalangan mezonlar asosida o‘rganildi.

“Eng namunali vazirlik va idora” tanlovida peshqadamlik qilgan Mudofaa vazirligiga Prezident sovg‘asi — Damas rusumli avtomashina hamda 15 million so‘mlik kitoblar to‘plami topshirildi. Sovg‘alarni mudofaa vazirining Tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Hamdam Qarshiyev qabul qilib oldi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti