AQSh va Oʻzbekiston mudofaa masalalari boʻyicha ikki tomonlama maslahatlashuvlarni oʻtkazdi

409

Kecha, 9-noyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston—AQSh mudofaa idoralari vakillari ishtirokida navbatdagi ikki tomonlama maslahatlashuvlarni oʻtkazdi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev va AQSh mudofaa vazirining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari boʻyicha yordamchisining oʻrinbosari Kolin Jekson raisligida boʻlib oʻtdi.

 

Unda AQSh harbiy delegatsiyasi hamda Oʻzbekiston Mudofaa, Tashqi ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Mudofaa sanoati davlat qoʻmitasi vakillari ishtirok etdi.

 

Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston—AQSh tegishli idoralari oʻrtasida imzolangan kelishuvlarning amalga oshirilishi yuzasidan fikr almashib, kelgusi rejalarni belgilab oldi. Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining professional bilim va koʻnikmalarini oshirish yoʻlida mamlakatlarimiz oʻrtasida harbiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Shuningdek, maslahatlashuv jarayonida Afgʻonistondagi vaziyat, unda tinchlikni oʻrnatish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, mintaqada barqarorlikni saqlab qolish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Eslatib oʻtamiz, 8-noyabr kuni Oʻzbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov AQSh harbiy delegatsiyasini qabul qilib, ular bilan harbiy hamkorlikning hozirgi ahvoli va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan edi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati