“Konstitutsiya kuni” Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida oʻzgacha nishonlanmoqda

5

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26 yilligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi barcha harbiy okruglar, harbiy qismlar hamda oliy harbiy taʼlim muassasalarida oʻzgacha ruhda nishonlanmoqda.

Xususan, Fargʻona viloyatida mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari — Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshligʻi general-mayor Pavel Ergashev bayram munosabati bilan barchani muborakbod etib, bir guruh harbiy xizmatchilarni vazirlik koʻkrak nishonlari, esdalik sovgʻalari hamda diplomlar bilan taqdirladi. Ularning kelgusidagi xizmatlariga zafarlar tiladi.

Qurolli Kuchlar davlat muzeyida esa Mudofaa vazirligi faxriylari uchun bayram tadbiri tashkillashtirildi. Tadbir davomida yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelayotgan faxriylarga Mudofaa vazirining koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Shuningdek, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlariga qarashli harbiy qism harbiy xizmatchilari oʻrtasida “Konstitutsiya – baxtimiz qomusi” mavzusida tantanali yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari Oʻroz Haydar hamda shoira Nilufar Umarova, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, aktyor Isoq Toʻrayev ishtirok etdi. Tadbir davomida bayram munosabati bilan bir qancha harbiy xizmatchilar ragʻbatlantirildi. Bayram yakunida Qarshi garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazi harbiy orkestri va viloyat sanʼatkorlarining konsert dasturlari namoyish etildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati