Umri ezgulikka esh insonlardan biri

2

Shifokorlik – mas’uliyatli kasb. U insondan nafaqat zalvorli mehnat, balki sabr-toqat va matonat ham talab etadi. Zotan, bemorlar dardiga darmon bo‘lishni, bu yo‘lda uchraydigan har qanday mashaqqatni sharaf bilan engishni o‘zining muqaddas burchi deb bilgan shifokorlar doim el nazarida bo‘lib kelgan.

Mana, necha oydirki, butun dunyo aholisi koronavirus bilan kurashmoqda. Pandemiya tibbiyot sohasi vakillarining insoniyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati naqadar muhim ekanligini yaqqol namoyon etdi. Shifokorlar kunu tun insonlar salomatligini tiklash, hayotini saqlab qolish uchun qo‘llaridan kelgan barcha davo choralarini ko‘rishyapti. Shuning uchun ham ular bugunning qahramonlariga aylanishdi. Darhaqiqat, shifokorlarning mashaqqatli mehnati, kasbga bo‘lgan sadoqati, fidoyiligi barchamiz uchun ibrat namunasidir va biz ular bilan har qancha faxrlansak arziydi. Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitali yuqumli kasalliklar intensiv terapiya bo‘limi katta ordenatori tibbiy xizmat podpolkovnigi Narzulla Shirinboev ham shunday e’tirofga, ehtiromga sazovor harbiy shifokorlarimizdan biri. U Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlatimizning yuksak mukofoti – «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
Muvaffaqiyat sari
Inson qalbiga ezgu maqsad, orzu-niyat bolalikdan oshno bo‘ladi. Xuddi shu kabi u ham bolalikdan shifokorlik kasbiga mehr qo‘yib ulg‘aydi. Uning xayollari cheksiz, orzulari osmon kabi beg‘ubor edi. Narzulla aka bugun bolalikning o‘sha eng go‘zal damlarini hayajon bilan eslaydi: bolakay o‘z orzulari haqida shavq-zavq bilan gapirganida ota-onasi doim uni ruhlantirardi.
– Sen, albatta, eng zo‘r shifokor bo‘lasan, – derdi otasi peshonasidan o‘pib.
– Ana o‘shanda qanchalab insonlarga nafing tegadi, biz sendek shifokor o‘g‘limiz bilan doim faxrlanib yuramiz… – suhbatga onasi qo‘shilardi. Ayol o‘g‘lini mahkam bag‘riga bosgancha shirin orzularga berilardi…
– Bilasizmi, insonning biror bir sohaga, kasbga qiziqishiga nimadir yoki kimdir sabab bo‘ladi. Mening shu sohani egallashimga esa qishloqdoshimiz, qo‘li engil shifokor sifatida el orasida obro‘ qozongan Ne’mat Shossimov sababchi bo‘lgan, – deydi Narzulla aka. – U kishi Samarqand shahridagi shifoxonada ishlardi. Fozil akamning do‘sti bo‘lgani uchun biznikiga tez-tez kelib turardi. Ne’mat aka uyimizga kelgan kun men uchun bayram edi. Chunki ular juda bolajon, odamshavanda va shuning bilan birga yaxshi suhbatdosh bo‘lgan. Yoz kunlari kechqurun hovli to‘ridagi supada akamning qavatiga kirib kattalarning suhbatlarini jon qulog‘im bilan tinglab o‘tirardim. Ne’mat aka o‘sha gurunglarda tibbiyotga kirib kelayotgan yangiliklar, kasbining o‘ziga xosliklari, undan shifo topayotgan insonlarning quvonchi va shifokorlarning faoliyatidagi qiziqarli voqealar haqida ham gapirib berardi. Ertak eshitib katta bo‘lgan emasmanmi, aytilayotgan gaplar mening nazarimda mo‘’jiza, shifokorlar esa go‘yoki najot farishtalaridek taassurot uyg‘otardi. Bora-bora qalbimda bu kasbga mehr nish urdi va men kelajakda shifokor bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qildim…
Ha, agarda yurakdagi niyat xolis bo‘lsa, Alloh bandasining orzularini ro‘yobga chiqaradi, degan gap bejiz emas ekan. Negaki, bu hayotiy haqiqat qahramonimiz hayotida ham o‘z isbotini topdi. Ota-onasining bildirgan ishonchi va o‘zining tinimsiz o‘qib-o‘rgangani vaqti kelib o‘z samarasini berdi. Narzulla aka maktabni tamomlab, Samarqand davlat tibbiyot institutiga o‘qishga kirdi. Shunday qilib, kamolot pallasiga qadam qo‘ygan bo‘lajak shifokor uchun o‘qish va izlanishlardan iborat yangi davr boshlandi. U institutda bor kuchini bilim olishga, ustozlari berayotgan har bir saboqni astoydil o‘zlashtirishga sarfladi.

Burchdorlik hissi

– O‘z kasbiga chuqur mehr qo‘ygan inson uni mukammal egallash uchun astoydil harakat qiladi. O‘qish, o‘rganish, izlanish, tajribali shifokor bo‘lishning muhim sharti sanaladi. Bu esa zimmamizda ulkan mas’uliyat borligidan dalolat beradi. Bu mas’uliyatni doimo his qilib turish shifokorning burchi. Aslida burch nima? Uni qanday izohlamoq kerak? Burch bu – kasbga bo‘lgan sadoqat. Ota-onaning farzand oldidagi yoki aksincha farzandlarning ota-ona oldidagi burchi bo‘lgani kabi biz, shifokorlarning ham bemorlar oldida yuksak burchimiz bor. U ham bo‘lsa, bizga ishonib topshirilgan eng bebaho ne’mat – el salomatligini asrash. Gap inson salomatligi haqida borar ekan, bu borada bilimsizlik, tajribasizlik va xatolar kechirilmaydi. Izlanish bor joyda yutuqlar bo‘ladi, o‘sish bo‘ladi, kasalliklar ham chekinadi. Shuning uchun tibbiyot xodimlaridan doimiy ravishda o‘z tajribasini, malakasini oshirishi talab etiladi. Bu talab asrlar o‘tsa-da, o‘z mohiyatini yo‘qotgan emas.
Kasb mashaqqati
– Men kasbimni yaxshi ko‘raman. Agar yana bir bor dunyoga kelib, kasb tanlash imkoni berilsa, yana shifokorlikni tanlardim. To‘g‘ri, shifokorlik oson emas. Ayniqsa, keyingi paytlarda kasbimizning qiyinchiligini, mas’uliyatini yanayam ko‘proq his qildik. Lekin bundan nolimayman. Eng qiyin damlarda ham bemorlarning mamnun tabassumini, ochiq chehrasini ko‘rib, charchoqlarimiz ariydi, ko‘nglimiz yorishadi. Zero, kimnidir hayotga qaytarish, dardiga shifo berish – ezgu amal. Har kuni qancha bemorlar yonida bo‘lamiz. Bu bir qarashda juda og‘ir jarayon. Ammo bemorning holatini bir bor his qilsangiz, umrning, sog‘liqning qadriga etasiz, hayotni qadrlaysiz…
Jurnalist sifatida…
Adabiyotni sevgan insondan yomonlik chiqmaydi. Chunki ular inson ko‘ngli bilan hisoblashishni biladi. Birovning dilini og‘ritishdan qo‘rqadi. Biz bu o‘rinda nega adabiyot haqida so‘z ochganimizga hayron bo‘layotgandirsiz? Shu damda «Tibbiyotning adabiyotga qanday bog‘liqligi bo‘lishi mumkin?» degan savol xayolingizdan o‘tgani ham tabiiy. Keling, savollaringizga oydinlik kiritaylik. Qahramonimiz Narzulla Shirinboev ham adabiyotni sevadi. Uning uchun kitob mutolaasidan zavqliroq yumush yo‘q. Darvoqe, shu o‘rinda Narzulla akaning ancha yillar oldin gazetada jurnalist sifatida faoliyat yuritganini ham aytib o‘tsak: kam emas, ko‘p emas, naq ikki yarim yil! Taqdirni qarangki, bugun turmush o‘rtog‘i Ma’suda Shirinboeva ham jurnalist. Uning «Davr» informatsion dasturi orqali chiqishlari ko‘pchilikka yaxshi tanish.
Ajib maskandagi halovat
Narzulla aka g‘amxo‘r oila boshlig‘i, mehribon ota. U Ma’suda opa bilan to‘rt farzandni voyaga etkazmoqda.
– Oilam – boyligim, – deydi Narzulla aka. – Uni qadrlayman. Shuning uchun xizmatdan bo‘sh vaqtlarimni oila davrasida o‘tkazishni xush ko‘raman. Farzandlarimning tarbiyasidan doim boxabar bo‘lib turaman. Ya’ni bo‘sh vaqtlarini qanday o‘tkazyapti, darslarni o‘zlashtirishi qanaqa, doim o‘zim nazorat qilib boraman. Onasi ham farzand tarbiyasiga juda talabchan. Shukur, mehnatimiz mevasini ko‘ryapmiz: to‘ng‘ich farzandim ingliz tilini chuqur o‘rgandi. Hatto IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgan. Ayni vaqtda Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olmoqda. Uka va singillari ham xuddi akalari kabi bilim olishga tirishqoq. Bundan juda xursandman. Ularning baxti, kamolini ko‘rish – orzuimiz.
Ezgulik boshini tutgan insonlar haqida so‘z ketganda dunyoda ana shunday yaxshi insonlar borligi uchun ham hayot charxpalagi aylanayapti, deyishadi. Ha, aslida ham shunday. Biz bu iborani bejiz keltirmadik. Zotan, tibbiy xizmat podpolkovnigi Narzulla Shirinboev kabi shifokorlar, yaxshilikka yondosh insonlar bor ekan, ibratga arzigulik sa’y-harakatlardan ko‘ngillar yuksalaveradi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti