Maqsadlari ulkan va xayrli

2

Fidoyilik… Bu kalom Vatan degan ma’vo bilan yonma-yon tilga olinadi. Zero, u yurtini jon qadar sevadigan insonlarning fazilati. Shuning uchun ham fidoyilar el ichida obro‘ topadi, qadrlanadi. Prezidentimizning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda fidoyilik ko‘rsatgan yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risidagi farmoniga binoan bir guruh harbiy shifokor va mutaxassislar davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Ular qatorida Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi bakteriologiya bo‘linmasi boshlig‘i tibbiy xizmat mayori Mashhura Imomnazarova ham bor. U «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.

«Shifokorlar zimmasidagi mas’uliyat har doim zalvorli bo‘lib kelgan. Chunki biz inson salomatligini saqlashga mas’ulmiz. Jamoamiz mana, necha oydirki, ertayu kech tinim bilmay xizmat qilyapti. Faoliyatimizda aniq va to‘g‘ri tashxis qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, qachonki tashxis to‘g‘ri bo‘lsa, kasallikni davolash ham oson kechadi. Bu – tibbiyotning oltin qoidasi. Institutda o‘qib yurgan kezlarimizda ustozlarimiz bizga shunday saboq bergan. Oliygohni tamomlab endigina ish boshlagan davrimdan, to bugungi kungacha ustozlarimning mana shu qimmatli saboqlariga amal qilib kelyapman. Yillar o‘tgan sari tajribam ortdi, malakaga ega bo‘ldim. Ko‘p yillik ish faoliyatim davomida shu narsaga amin bo‘ldimki, inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, o‘z ustida muntazam ishlasa, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirsa, komillikka etar ekan…»
Bolalikka qaytib
Men Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumanining so‘lim Gul qishlog‘ida tug‘ilganman. Oilada besh qiz ulg‘ayganmiz. Kenja farzandman. Dadamning ko‘p vaqti ishda o‘tgani sababli bizning ta’lim-tarbiyamiz bilan ko‘proq onam shug‘ullanardi. Onajonim – ochiqko‘ngil, mehridaryo ayol. Dadam esa mehnatsevar, oilaparvar, biroz qattiqqo‘l, shuning barobarida yumshoqtabiat inson. Biz, farzandlar mana shu insonlarning mehridan qonib katta bo‘ldik. Ulardan bir insonga hayoti davomida asqatadigan eng yaxshi fazilat va xislatlarni o‘zlashtirdik. Shuning uchun oilada, hayotda o‘z o‘rnimizni topdik. Buning uchun ota-onamdan minnatdorman.
Bizning oilamizda shifokorlar bo‘lmagan. Opalarim ham turli sohalarda faoliyat yuritishadi. Unda kimga havas qilib bu kasbni tanladingiz, deysizmi? Shifokorlik kasbini tanlashimga onam sababchi bo‘lgan. Bolaligimda negadir onamning muttasil boshi og‘rirdi. U kechalari dard bilan olishib chiqardi. Ko‘p shifokorlarga ko‘rsatganmiz, lekin davosi topilmagan. Men kenja farzand bo‘lganim uchun onamning yonida yurardim. Og‘riqdan azob chekayotganini ko‘rib, zora og‘riq pasaysa, deb onamning boshini bosardim, uqalardim. Bir kuni odatdagidek onamning boshini uqalab o‘tirsam: «Eh, mening ham dardimga shifo bormikan-a, qizim? Kimdir davolay olarmikan?» dedi onam zorlanib. Ko‘zlarimga yosh keldi. Qani endi qo‘limdan kelsa-yu, uni bu darddan xalos etsam. Lekin ilojim yo‘q edi. Birdan miyamga kelgan fikrdan quvonib ketdim va «Opa (ona), xafa bo‘lmang. Katta bo‘lay, shifokor bo‘lib sizni o‘zim davolayman», dedim yig‘idan o‘zimni zo‘rg‘a tiyib. Onamning quvonganini ko‘rsangiz edi. Bu shodlik zavqini hali-hanuz his qilaman. O‘sha lahzada kelajakdagi maqsadimni belgiladim. Ximiya va biologiya fanlarini ko‘proq mutolaa qila boshladim. 9-sinfni bitirib Toshkentdagi aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan litseyga o‘qishga kirdim. Litseyni bitirib, Toshkent tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ga hujjat topshirdim. Omadni qarangki, talabalik baxti nasib qildi.
Ha, vaqt o‘tib, onamning dardiga davo topdim. O‘shanda institutning to‘rtinchi kursida o‘qirdim. Onamni Toshkentga olib keldim. Mutaxassis ustozlarimga ko‘rsatdim. Onamning boshini MSKT qildirdik. Tashxis shunday bo‘ldi: onamni muttasil qiynab kelgan dard migrenь bo‘lib, boshdagi qon tomirlari ingichkalashib miyada qon yaxshi aylanmayotgan ekan. Shifokorlar davo choralarini yozib berishdi va onam darddan qutuldi!
Maqtovlarning eng a’losi…
O‘qishni tamomlab, Mudofaa vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorat markazida bakteriologik shifokor sifatida faoliyatimni boshladim. Oradan to‘rt yil o‘tgandan so‘ng harbiy libos kiydim. Bu haqda ota-onamga aytganimda ular meni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Ayniqsa, dadam juda quvondi. Men bu quvonchning boisini yaxshi anglayman. Chunki bizning oilada o‘g‘il farzand yo‘q. Bundan dadam biror marta nolimagan bo‘lsa-da, o‘ksishini bilardim. Yoshligimda bir gal onam bilan gaplashib o‘tirib, «bittagina o‘g‘limiz bo‘lmadi-da», deganlarini eshitganman. Dadamning mana shu gapi menga negadir qattiq ta’sir qilgan. O‘sha voqeadan bir necha kun o‘tgandan keyin bir kuni kechasi onam bilan gaplashib yotganimizda «Qizim, bir sengina o‘g‘il bo‘lib tug‘ilmading-da», dedi so‘niq ovozda. «Nega unaqa deysiz, opa?» desam, «Qara, qizim, o‘g‘li bo‘lmaganiga dadang baribir siqilar ekan», deb yig‘lagani xotiramda muhrlanib qolgan. O‘shanda «qiz bola bo‘lsam ham o‘g‘ilning o‘rnini bosadigan farzand bo‘laman», deb qat’iy ahd qilganim yodimda…
Birinchi marta uyga harbiy libosda borgan kunim dadam shunchalar xursand bo‘lganki, ta’riflashga til ojiz. Peshonamdan o‘pib, bag‘riga bosganda, «Rahmat, qizim, mening armonimni ushaltirding. Suyansa tog‘ bo‘lgudek sendek qizim borligidan faxrlanaman!» degan. Bu men uchun maqtovlarning eng a’losi edi.
Kasbim – faxrim
Sharafli kasbimizning o‘ziga xos murakkab jihatlari, qiyinchiliklari ham bor. Gohida dam olmasdan ishlaymiz. Chunki aholining bizga ehtiyoji katta. Lekin bundan nolimayman. Chunki kasbimni sevaman. Sohaning shu kabi o‘ziga xos tomonlarini bilib, anglab, bu kasbni tanlaganman. Qiyinchilikdan qochish bu – shifokor uchun isnod. Meni nima xursand qiladi, bilasizmi? O‘tayotgan sinovli davr ichida yurtdoshlarimizning shifokorlarga mehri ortdi. Shifokorlar sharaflanyapti, mehnatimiz e’zozlanyapti! Bu biz uchun eng katta muvaffaqiyat. Shunday ekan, elu yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishdan hech qachon tolmaymiz!
Yonimdagi baxt
Shu kungacha hayotda, xizmatda nimagaki erishgan bo‘lsam, bunda oilamning alohida o‘rni bor. Men mana shu muqaddas dargohdan kuch-quvvat olaman. Aynan oila insonni eng ulug‘ ishlarga, ulkan jasoratlar qilishga ilhomlantiradi.
Har gal xizmatdan uyga qaytar ekanman, qanchalik charchagan bo‘lmay, charchoqlarim ostona hatlashim bilan bir zumda tarqab ketadi, qalbimni yoqimli hislar chulg‘aydi. Turmush o‘rtog‘im Nurbek aka og‘ir-bosiq, mulohazali inson. Kasbi – injener. Umr yo‘llarim shu inson bilan bog‘langaniga shukur deyman. Kasbimni tushunadi. Meni doim qo‘llab-quvvatlaydi. Xizmat taqozosi bilan erta ketib, kech qaytaman. Shunday vaqtlarda turmush o‘rtog‘imning ko‘magiga suyanaman. Farzandlarimiz – Temurbek va Amirbek oilamiz quvonchi. Men ularning tarbiyasi uchun doim vaqt ajratishga intilaman.
Rejalar, maqsadlar
Rejasiz, maqsadsiz hayotni mazmunsiz, deb bilaman. Rejalarim ko‘p. Shu vaqtgacha ularning ellik foiziga erishdim, deya ayta olaman. Kelajakdagi eng katta maqsadim – o‘zim tanlagan laborator yo‘nalishida ilmiy ish qilish. Men mikroorganizmlar bilan, ya’ni mikroblar, viruslar bilan ishlayman. Shuning uchun ilmiy ishimda insonlarning antibiotiklarga bo‘lgan sezgirligining qay darajada effektivligini o‘rganmoqchiman. Bemorlarni antibiotiklarsiz ham davolashni tadqiq qilmoqchiman, o‘rganmoqchiman. Nega bu mavzuni tanladim, bilasizmi? Tobingiz qochib, shifokorlarga borsangiz, eng avvalo, antibiotik tavsiya qiladi. Shifokorlar hatto yosh bolalarga ham birinchi navbatda antibiotik yozib berishadi. Bu holat mening ham boshimdan o‘tgan. Farzandimni to‘rt oyligida shamollatib qo‘yganman. Pediatrga olib borganimda kuchli antibiotik yozib bergan. Lekin izlanishlarimdan bildimki, chet ellarda bemorlarga antibiotik berilmas ekan. Chunki antibiotiklar immunitetni tushirib yuboradi. Immunitet tushib ketsa, insonning kasallikka moyilligi ortadi. Shuning uchun ham kuzatayotgan bo‘lsangiz, bugungi pandemiya sharoitida og‘rib qolgan bemorlarga antibiotik berishni taqiqlashyapti. Shu nuqtai nazardan olib qaraydigan bo‘lsam, demak, o‘rganmoqchi bo‘layotgan mavzuim dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Mayor Gulnora HOJIMURODOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti