E’tirofga munosib ustoz

3

– Good morning, dear pupils. If you are ready today, let’s begin our lesson. Who is absent? (Assalomu alaykum, aziz o‘quvchilar. Bugungi darsga tayyor bo‘lsangiz, mashg‘ulotimizni boshlaymiz. Bugun kim yo‘q?)
– All pupils are present. Everybody is ready for lesson. (Barcha o‘quvchilar darsda. Hammamiz darsga tayyormiz.)

Komila muallim guruh sardorining davomat haqidagi bildirgisini eshitgach, odatdagidek, o‘quvchilar e’tiboriga yangi annimatsion lavha namoyish etadi. Pedagogning ingliz tilidagi bunday roliklarni qo‘yib berishidan maqsad, matematika, fizika yoki jismoniy tarbiya darsidan chiqib, o‘z faniga kirib kelgan o‘quvchilarning diqqat-e’tiborini mashg‘ulotlariga jalb etishga qaratilgan. Video tasvirlarda aks etgan g‘oya esa shogirdlarini o‘z ustida puxta ishlashiga undaydi, ruhlantiradi, ezgu ishlarga motivatsiya uyg‘otadi.
O‘qituvchilar sulolasi
Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyining ingliz tili fani o‘qituvchisi Komila Qo‘chqorova 1985 yili Quvasoy shahrida, ziyoli oilada tug‘ilgan. O‘rta ma’lumotni Quvasoy shahridagi 22-umumta’lim maktabida oldi. Qahramonimizning bolalik damlaridanoq o‘qituvchilik kasbiga mehri bo‘lakcha edi. Boz ustiga u pedagoglar sulolasining davomchisi. Onasi nafaqaga qadar o‘zi o‘qigan 22-umumta’lim maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishladi.
Kichkina opasi ham shu maktabning biologiya fani o‘qituvchisi, to‘ng‘ich opasi esa maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyachi sifatida faoliyat yuritgani uchun bolajonlarga uyda qo‘l mehnati yordamida turli ko‘rgazmali qurollar yasaganini ko‘rib, bu sohaga zavqu shavq bilan qarar edi. Maktab o‘quvchilarining daftarlarini tartibga keltirish, tadbirlar o‘tkazishda ham Komila onasining dastyori edi.
Intiluvchan, izlanuvchan qizaloq maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Rasul Qozoqboevning e’tiboriga tushib, uni qo‘shimcha mashg‘ulotlariga jalb etdi, fan olimpiadasiga tayyorladi. Ingliz tilini o‘rganish ishtiyoqi uni Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 2-akademik litseyida o‘qib yurgan kezlarida ham tark etmadi. Bu erda ingliz tili fani o‘qituvchilari Luiza Ismoilova, Era Kim, ona tili va adabiyot fani muallimi Hasanboy Ashurovdan milliy va xorijiy tillarning nodir qirralari, o‘tmishi va bugungi davr silsilasidagi o‘zgarishlarini qunt bilan o‘rgandi.
Pedagoglikka ilk qadam
Ayni kasbga havas Komilani Farg‘ona davlat universitetining filologiya fakulьteti ingliz tili ta’lim yo‘nalishiga etakladi. Universitetda filologiya fanlari nomzodi Yo‘ldosh Saidov, Isoqjon Tojiboev, Mohira Oxunjonova, Luiza Galimulina singari ustozlaridan kasb sirlarini puxta o‘zlashtirdi. Malakaviy amaliyotini ta’lim muassasalarida o‘tab, sohaga doir dastlabki malaka va ko‘nikmalarini shakllantirdi.
2008 yili universitetni bitirgach, o‘zi o‘qigan FarDU qoshidagi 3-akademik litseyida ish boshladi. Bu erda ilk bor bilimga chanqoq o‘quvchilarga saboq berishga kirishdi. 2012 yildan o‘z faoliyatini Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyida davom ettirdi.
«Intizom bor joyda sifat bo‘ladi»
Avval fuqaroviy, so‘ng harbiy litseyda ishlagani bois Komila Qo‘chqorova har ikki turdagi ta’lim dargohi o‘quvchilaridagi o‘xshashlik va tafovutni yaxshi anglaydi, taqqoslaydi.
– Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi litseyda qizlar va o‘g‘il bolalar aralash o‘qiydi. Harbiy litseyda o‘qishga esa faqat o‘g‘il bolalar saralab olinadi. Har ikki bilim maskani o‘quvchilarining mushtarak jihati shundaki, elkasida oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib, ota-onasining yuzini yorug‘ qilish mas’uliyati ancha kuchli, – deydi tajribali pedagog Komila Qo‘chqorova. – Fuqaroviy ta’lim muassasalaridan farqli o‘laroq, harbiy bilim yurtlarida tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi. O‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun intizom bor joyda, sifat ko‘rsatkichi kutilganidek bo‘ladi. Tajribamdan ma’lumki, me’yoridan ortiq qattiqqo‘llik ham doim foyda bermaydi. Bolaning tilini topish kerak. Ularning o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadiga etishishiga chin dildan ko‘maklashishga intilaman. O‘quvchilarga astoydil bilim berish uchun litseyimizda barcha sharoitlar muhayyo. Ingliz tili fani xonasi kompьyuterlashtirilgan bo‘lib, zarur o‘quv jihozlari bilan ta’minlangan. Bu maskanni hech ikkilanmay, yangilanayotgan O‘zbekistonning yangi «Temurbeklar maktabi» bo‘ldi, deya olaman!

Hayotini yoshlarga bilim, ziyo ulashishga bag‘ishlagan pedagog darsida o‘quvchilar e’tiborini jalb etishning o‘ziga xos metodlarini qo‘llaydi. Ularni qiziqtirish uchun har bir mashg‘ulotda albatta biror ta’limiy yangilik olib keladi. Shundanmi, akademik litsey o‘quvchilarining ingliz tilini o‘rganishga ishtiyoqi baland. Pedagog ular uchun darsdan tashqari «Ingliz tili» to‘garagida har haftada uch kun qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tadi.
Yutuqlar o‘z-o‘zidan kelmaydi
Komila ustoz ingliz tili darslarida o‘quvchilarning fikrini erkin ifodalashiga alohida ahamiyat beradi. Yo‘q, noto‘g‘ri aytding, deyishdan ko‘ra, «Bunaqasi ham to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin mana bunisi ko‘proq mos keladi», deya yanglish fikrni to‘g‘ri yo‘naltiradi. Uning o‘rgatganlari beiz ketmayapti. O‘quvchilari muayyan yutuqlarga erishib, litsey sharafini yuqori pog‘onaga ko‘tarayotgani bor gap. Jumladan, 2016 yili respublikamizdagi «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyi o‘quvchilari o‘rtasida ingliz tilida o‘tkazilgan tanlov-viktorinada faxrli 2-o‘rinni egalladi. Litsey bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda o‘tkaziladigan test sinovlarida etarli ball to‘plab, talabalik baxtiga erishyapti.
2013 yildan beri Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyi o‘quvchilari ingliz tili bo‘yicha fan olimpiadalarida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, 2019 yili mazkur litsey o‘quvchisi Humoyun Ismoilov ingliz tilidan o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan fan olimpiadasining viloyat bosqichida g‘olib bo‘ldi. Bunday muvaffaqiyatlarga o‘z-o‘zidan erishilgani yo‘q. Fidoyi muallim Komila Qo‘chqorovaning o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishi, o‘quvchilarga ilm-fan asoslarini o‘rgatib, yuqori malakali kadrlar tayyorlashda munosib hissasi bor.
Qahramonimizning har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga etkazish, yoshlarni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyati inobatga olinib, Prezident farmoniga muvofiq, 1 oktyabrь – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofoti – «Sodiq xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.
– Bu yilgi O‘qituvchi va murabbiylar kuni jamoamiz uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi, – deydi Farg‘ona «Temurbeklar maktabi» harbiy akademik litseyi direktori podpolkovnik Alisher Abdurahmonov. – Ingliz tili fani o‘qituvchisi Komila Qo‘chqorovaning «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi bo‘lgani jamoamiz mehnatiga qaratilgan e’tibor, yosh o‘qituvchilar uchun munosib rag‘bat, deb o‘ylayman. Komila hamkasblari bilan o‘zaro munosabatda xushmuomala, kamtarin, jamoatchilik ishlarida faol. Qisqa qilib aytganda, yuksak e’tiroflarga loyiq o‘qituvchi. O‘z ustida tinimsiz ishlaydigan bunday fidoyi pedagoglarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti