Farzanddirman tolei baland

3

Yigitlik – erkak kishining eng zabardast, kuch-g‘ayrat, shaxtu shijoatga to‘la davri. Inson umri davomida erishgan eng asosiy natijalar ham aynan mana shu pallaga to‘g‘ri keladi. Hazrat Alisher Navoiy «Yigitlikda yig‘ ilmning mag‘zini, qarilik chog‘ida sarf qilg‘il ani», degan satrida ushbu muhim davrni behuda o‘tkazib, havoga sovurmay, ilm ma’nolarini axtarishga da’vat etadi.

Ismi ulug‘ bobokalonimiz nomiga atab qo‘yilgan leytenant Alisher Komilov ilm sirlarini puxta o‘rganayotgan yoshlardan biri. Hozirda u Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining Ilmiy-tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi sifatida faoliyat yuritmoqda. Ayni kezda Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta’lim muassasalari hamda harbiy qismlar uchun o‘quv simulyator-trenajyorini yaratish bilan shug‘ullanyapti.
Yosh olim 1995 yil 30 dekabrda Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida tug‘ilgan, ziyoli oilada voyaga etgan. Ukrainadagi Xerson davlat pedagogika institutini bitirib, hozirda Zangiota tumanidagi 43-umumta’lim maktabida rus tili va adabiyoti fanidan o‘qituvchilik qilayotgan onasi Gulxumor Kamolova farzandining kelajagiga bolaligidanoq katta orzu-umid bog‘lagan edi. Intiluvchan, izlanuvchan, mard o‘g‘lon onasining ezgu niyatlarini birin-ketin ro‘yobga chiqarib, yuzini yorug‘ qilishga intilmoqda.

«O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur»

Bilimga chanqoq qahramonimiz dastlab Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 8-gimnaziya (hozirgi 41-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internati), so‘ng Farg‘ona shahridagi 1-aniq va ijtimoiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida o‘qidi. Harbiylikka havas uni 2011 yilda harbiy-texnika yo‘nalishidagi Farg‘ona (hozirgi «Temurbeklar maktabi») akademik litseyiga etakladi. Ushbu o‘quv maskanida matematika, fizika, ona tili va adabiyot fanlarini o‘rganish bilan birga, universitetga o‘qishga kirish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rdi.
Alisher ko‘zlagan maqsadiga etdi, litseyni bitirishi bilanoq talabalik baxtiga erishdi. Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulьtetiga o‘qishga qabul qilingan yurt o‘g‘loni 2019 yili alohida oliy harbiy ta’lim muassasasiga aylantirilgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutini tamomladi.
Yusuf xos Hojibning «O‘quv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur, Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur», degan purma’no hikmati bejiz aytilmagan. Alisher har daqiqadan unumli foydalanib, tinmay o‘qib o‘rganishi, o‘z ustida muntazam ishlashi, tengqurlariga o‘rnak bo‘lgulik intilishi uni ulug‘lik pillapoyalariga etakladi. Bu ulug‘lik uning kursantlik yillarida erishgan yutuqlarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

Xalqaro fan olimpiadasida

2018 yilning apreli. Rossiya, Sankt-Peterburg shahri. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi kursantlar o‘rtasida informatika fani bo‘yicha IV xalqaro olimpiada. Ushbu nufuzli bellashuv to‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston jamoasi unda ilk ishtirokchi. Shunga qaramay, umumjamoa hisobida Rossiya, Belarusь, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston jamoalari o‘rtasida III o‘rin zabt etildi. Bu natijada Alisher Komilovning ham hissasi bor. Uning faol ishtiroki alohida e’tirof etilgani bois, keyingi yilgi V xalqaro olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. 2019 yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasi Tverь shahrida bo‘lib o‘tgan ushbu musobaqa shohsupasida yurtimiz vakillari yana bir pog‘ona yuqorilab, II o‘rinni egalladi.
– Ushbu bellashuv ikki turdan, har bir jamoa uch nafar kursantdan iborat bo‘ladi, – deydi leytenant Alisher Komilov. – Dastlabki turda jamoalarning umumiy tayyorgarligi sinovdan o‘tkaziladi. Ya’ni «Microsoft Office» dasturlariga doir topshiriqlar echiladi. Keyingi bosqichda informatikaning tor mutaxassisliklari bo‘yicha chuqurlashtirilgan vazifalar bajariladi. Mazkur olimpiadada ilk marta qatnashganimizdayoq, nechog‘li hayajon bo‘lmasin, o‘zbek o‘g‘lonlarining bilimi hech kimdan qolishmasligini isbotlashga harakat qildik. Keyin ham MDH mamlakatlari kursantlari o‘rtasida yuqori natijani qayd etdik. Bizga faqat g‘alaba yarashadi. Bunday yutuqlar zamirida yurtimizda harbiy sohaga berilayotgan yuksak e’tibor mujassam.
Bugun hech bir sohani zamonaviy axborot texnologiyalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bunday kommunikatsion texnologiyalar taraqqiy etgan va barcha tarmoqlarga izchil tatbiq etilayotgan bir paytda xalqaro mehnat bozorida yuqori malakali IT-mutaxassislariga ehtiyoj tobora ortmoqda. AKT va harbiy aloqa sohasi bilimdonlari safi kuchli va salohiyatli kadrlar hisobiga kengayayotgani har qancha quvonishga arziydi.

Xushxabar qo‘sha keldi

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining Ilmiy-tadqiqotlar markazida qishin-yozin ish «qaynaydi». Markaz boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi, dotsent odil Sulaymonov rahbarligida leytenant Alisher Komilov ham qator ilmiy loyihalar ustida ishlaydi. Shunday kunlarning birida markazning katta ilmiy xodimi kapitan Jonibek Tojiev bir xushxabar bilan keldi. Prezidentning 2020 yil 26 avgustdagi qaroriga ko‘ra, «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar ro‘yxatida leytenant Alisher Komilov ham bor! Bu mujdadan sal oldinroq unga sovchi bo‘lib borgan onasi qudalarning roziligini etkazgan edi. Qo‘shaloq kelgan xushxabar hayrati uning quvonchini chandon oshirdi.
– Alisher yosh mutaxassis bo‘lsa-da, o‘z ustida ishlashi, talabchanligi va kasbining mohir ustasi ekanligini namoyon qilishi bilan o‘zini faqat ijobiy tomondan ko‘rsatib kelmoqda, – deydi institut boshlig‘ining o‘rinbosari katta leytenant Baxtiyor Rahimov. – Kasbimiz chet tillar bilan bog‘liq bo‘lgani uchun u ayni paytda ilmiy izlanish bilan bir qatorda ingliz tilini ham o‘rganyapti. Ish jarayonlarini kuzatib, shuni aytishimiz mumkinki, Alisher Komilov unga ishonib topshirilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan to‘la-to‘kis ado etadi. Jamoamizda mana shunday iqtidorli, iste’dodli yoshlarning yutuqlaridan faxrlanamiz.

Ustozlar yodi

Suhbatdoshim bilan uning ustozlarini esladik.
– Qo‘limga qalam tutib, harf tanitgan, xat-savodimizni chiqargan birinchi o‘qituvchimni alohida xotirlayman, – deydi «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti sohibi A. Komilov. – Akademik litseyimizda matematika, fizika fanlari o‘qituvchilarining bilim olishimizdagi hissalari katta. Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Maxsus fakulьtetida dasturlash, axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi asoslarini o‘rgatgan ustozlarimdan juda minnatdorman.
Talabalik yillari universitetimizning olimpiadachilar jamoasiga a’zo bo‘ldim. Jamoada yuqori bosqich talabalari bizga astoydil o‘z bilimlarini, tajribalarini o‘rtoqlashgan. Ulardan algoritmlar, veb-dasturlash tillarini o‘rgandik. Xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatga erishishimizda jamoa rahbari Alisher Siddiqovning alohida o‘rni bor. Bu ustozimiz 2017 yili MDH mamlakatlaridagi kursantlar o‘rtasida informatika fani bo‘yicha III xalqaro olimpiadaga kuzatuvchi sifatida jalb etilgani uchun bizning mazkur bellashuvga tayyorlanishimizda katta ko‘mak bergan.

Baxt – leytenant talqinida

Alisher hozir 24 yoshda. Uning «baxt», «vatanparvarlik» kabi insoniy tuyg‘ularini qanday talqin etishiga qiziqaman. Istiqlol farzandi bu tushunchalarni shunday ta’rifladi:
– Baxt – bu oila tinchligi, farovon yurtda yashash, elingda e’zozlanish. Qaysi kasb-hunarda bo‘lmasin, ona Vatan ravnaqi uchun xizmat qilayotgan har qanday odam vatanparvar insondir. Vatanparvarlik – kindik qoni to‘kilgan go‘shang, jannatmakon diyoringni sevib-ardoqlash, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, kerak bo‘lsa, jonfidolikka tayyorliging. Men mana shu zaminning baxti kulgan, tolei baland farzandi ekanimdan faxrlanaman!

Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti