Birinchi kun. Oʻzbekistonlik harbiylar Soʻgʻd garnizonidagi qoʻshma mashgʻulotlarda ishonchli harakatlandi

47

Oʻzbekiston va Tojikiston respublikalari qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari oʻrtasida hamkorlikda Soʻgʻd viloyatidagi “Choruxdayron” poligonida oʻtkazilayotgan “Jangovar hamdoʻstlik—2018” oʻquvlarining birinchi kuni oʻz nihoyasiga yetdi.

Mazkur hamkorlikdagi oʻquv mashgʻulotlarning birinchi kunida tezkor guruh shtabi tashkil etildi. Tojikiston mudofaa vazirining birinchi oʻrinbosari – Bosh shtabi boshligʻi general-leytenant Emomali Sobirzoda tomonidan ushbu guruh faoliyati muvofiqlashtirilib, dala oʻquv maydonidagi amaliy mashgʻulotlar bilan parallel ravishda ishlar olib borilishi taʼkidlandi. Oʻzbekiston harbiylari tomonidan jangovar texnikalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, 6 ta minomyot hamda 2 ta H215 vertolyot qoʻllanilib, taktik harakatlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Mashqlar jarayonida dastlab noqonuniy qurollangan terrorchi guruhlar joylashgan hudud toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻzbekistonlik harbiylar (uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida) tomonidan yuqori qoʻmondonlikka yetkazildi. Hamkorlikda “Dushman shaharcha”siga hujum uyushtirildi. Oʻzbekistonlik harbiylar zirhli texnikalarda belgilangan yoʻnalish boʻyicha ishonchli harakatlanib, shartli dushman joylashgan obyektni egalladi. Shartli dushman kelish ehtimoli boʻlgan yoʻnalishga esa Oʻzbekiston va Tojikiston Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo kuchlarining vertolyot aviatsiyalari tomonidan taktik desantlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Tojikiston-Oʻzbekiston hamkorligidagi harbiy mashgʻulotlar 22-sentabr kuniga qadar davom etadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati