ArMI – 2020: “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” bahslarida hamyurtlarimiz faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi

25

“ArMI – 2020” Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahri yaqinidagi “Koltsovo” poligonida o‘tkazilgan “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” tanlovi o‘z nihoyasiga etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” jamoasi faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa davomida to‘rtinchi “o‘q otish” bosqichi o‘ta qizg‘in tarzda kechdi. Unda yakka holda va bo‘linmalar tarkibida jangovar o‘q otish, minalashtirilgan hududlardan va tabiiy to‘siqlardan o‘tish, shuningdek pichoq, piyodalar belkuragini otish va o‘quv granatalarini aniq mo‘ljalga vaqt kesimida uloqtirish me’yorlari bajarildi.


Kuchli shamol va yomg‘ir yog‘ishiga qaramay, shiddatli tarzda o‘tgan bellashuvlarda Xitoy Xalq Respublikasi razvedkachilari jamoasi musobaqaning mazkur 4-bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Biroq o‘tgan to‘rt bosqich yakunlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi jamoasi musobaqada peshqadamligini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi jamoasi esa ishonchli tarzda ikkinchi o‘rinni saqlab qola oldi. Murakkab bo‘lsa-da, O‘zbekiston harbiy razvedkachilari minalashtirilgan hududdan yo‘qotishlarsiz o‘tdi va jangovar vazifani bajardi.
O‘q otish mashqlari imkon qadar turli xil, ya’ni doirali ko‘krak, pulemyot hisobi, shartli dushman guruhlari nishonlarida amalga oshirildi. Vazifalarni murakkablashtirish uchun ayrim nishonlar bir necha soniyaga paydo qilindi.
Va nihoyat, bosqich ham yakunlandi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, barcha bosqichlarda ishonchli kurash olib borgan vakillarimiz yakuniy natijaga ko‘ra, mezbon jamoa – rossiyalik razvedkachilardan so‘ng, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olishdi. Uchinchi o‘ringa Belarusь vakillari sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy razvedkachilar jamoasini ishonchli va o‘ta muhim g‘alaba bilan tabriklab, Vatanimiz sharafini munosib himoya qilganliklari uchun minnatdorlik bildiramiz.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik harbiy razvedkachilar 2017, 2018 yillarda 3-o‘rinni egallashgan bo‘lsa, 2019 yilda faxrli 2-o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Mayor Kenjaboy MUSANOV,
(Rossiya, Novosibirsk)