O‘zbekistonlik razvedkachilar “ArMI  – 2020” musobaqasida yetakchilar safida bormoqda

11

Joriy yilning 23 avgustidan 5 sentyabriga qadar Rossiyaning Novosibirsk shahri “Koltsovo” dala-o‘quv maydonida 2020 yilgi “Xalqaro armiya o‘yinlari” doirasida “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari – 2020” musobaqasi ham bo‘lib o‘tmoqda.

Musobaqada O‘zbekiston, Rossiya, Belarusь, Tojikiston, Xitoy, Janubiy Osetiya, Kongo va Laos qo‘shin razvedkachilarining jamoalari o‘zaro belashmoqdalar.

Ushbu tanlov V bosqichdan iborat bo‘lib, jamoalar “Desant bo‘lib tushish va marsh-brosokni amalga oshirish”, “Mexanik-haydovchilar musobaqasi”, “Razvedkachi so‘qmog‘i”ning to‘siqlarini engib o‘tish”, “O‘q otish”, “Razvedka bo‘linmasining vazifani bajargandan so‘ng yig‘in punktiga chiqishi” shartlari bo‘yicha bellashmoqdalar.

Hamyurtlarimiz  uzunligi 800 metr bo‘lgan, jami 22 ta to‘siqdan iborat “Majmuaviy razvedkachilar yo‘lagi” to‘siqlarida mashqlarni bajarib, ushbu shartda  Rossiya jamoasidan keyin faxrli II-o‘rinni egalladilar.

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekistonlik razvedkachilar o‘z guruhida yuqori natijalarni ko‘rsatib, qurol-aslahalar va to‘liq jangovar ekipirovkada suvli to‘siqdan suzib o‘tish shartini 13 daqiqayu 22 soniyada bajarib, musobaqa peshqadamiga aylandilar.

Yurtimiz razvedkachilariga “Musobaqaning qolgan bosqichlarida ham yaxshi natijalarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishlarida omad tilaymiz.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik harbiy razvedkachilar 2017, 2018 yillarda 3-o‘rinni egallashgan bo‘lsa, 2019 yilda esa faxrli 2-o‘ringa sazovor bo‘lishgan edi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.