Alabino poligonida istiqlolimiz nasimlari

9

Bugun tong Moskvada ham boshqacha otdi, go‘yo. Ertalabdan mustaqillik shodiyonalari bilan qutlov tabriklari. Quvonchli yo‘qlovlar.

Keyin doimgidek Alabino poligoniga yo‘l oldik. Xayolimizda kun rejasi, konsert dasturi, o‘zbekona madaniyatimiz namoyishi, osh tarqatish, tantanalar. Boshqalar bilarmikan, bizning Eng ulug‘, eng aziz sanamizni?!

Poligonda nazarimda, o‘zbekona shukuh kezib yurardi. Bir tarafda to‘yga taraddud ko‘rayotgandek osh harakatiga tushgan oshpazlar. Do‘stlik uyida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli jamoasining, polkovnik Husan Botirov boshchiligidagi badiiy guruhlarimizning chiqishlari. Yo‘limizda uchragan, O‘zbekistondanligimizni bilgan borki ulug‘ niyatlar bildirib, bizni sevintiradi. Tilaklar bir tomon bo‘lsa, xursandchiligimizga sherik bo‘ladigan shuncha millat vakillari borligi quvonarli edi.

Ularning xonandalarimizga jo‘r bo‘lib qo‘shiq aytib, raqqosalarga esh bo‘lib raqsga tushganlarini ko‘rganingizda, sizning ham ko‘zingizda quvonch yoshlari miltillardi. Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etayotgan musobaqa qatnashchilari erishayotgan muvaffaqiyatlar esa istiqlol shodiyonalariga bir to‘yonadek bo‘ldi.

Ayni shu kundagi yutuqlarga bir nazar solaylik. “Men g‘olib” shiori ostida harakat qilgan harbiy xizmatchilarimiz “Harbiy tibbiy estafeta”, “Sodiq do‘st”, “Yo‘l patruli” musobaqalarida birinchilik egallashdi. “Artelleriya olovi ustasi”, “Xavfsiz marshrut”, “Harbiy ralli”, “Otliq marafoni”, “Qurolsoz usta” yo‘nalishlarida esa ikkinchi o‘rinni zabt etishgan. “Avtozirhli tank texnika ustasi”, “Dala oshxonasi” hamda “Xavfsiz muhit” guruhidagi vakillarimiz uchinchi o‘ringa munosib topildi.

Himmatli xalqmiz. Shuncha shodiyonalarga kelgan mehmonlar badiiy chiqishlardan maroqli hordiq olish barobarida o‘zbekona palov bilan siylandi. Ajab emas, ular kelgusi yilgi musobaqalarda ham yurtimizdagi tantanalarning hisobini olib yursa.

Katta leytenant Aziz NORQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti. Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatidan.