“ARMY-2020”. Mehmonlar tashkilotchilardan minnatdor bo‘lishdi

26

Har qanday tanlov yoki musobaqa murosasizligi, shiddati va kuchli raqobat muhiti bilan qiziqarli. Agar u xalqaro darajada bo‘lsa, unga bo‘lgan e’tibor ham shunga yarasha bo‘ladi. Bellashuvlarning saviyasi ishtirokchilar tayyorgarligiga bog‘lik bo‘lgani kabi ularning eng avvalo adolat mezonlari asosida kechishi hakamlar hay’ati zimmasida.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrugining «Forish» tog‘ poligoni o‘tgan yili bo‘lgani kabi joriy yilda ham «ARMY – 2020» VI Xalqaro armiya o‘yinlarining «Harbiy-tibbiy estafeta» tanloviga mezbonlik qildi. Bu yilgi xalqaro musobaqaga Toshkent tibbiyot akademiyasi huzuridagi Harbiy tibbiyot fakulteti kafedra boshlig‘i, tibbiyot xizmati polkovnigi Nosirjon Fozilov bosh hakamlik qildi. Hakamlar hay’ati tarkibi: tibbiy xizmat podpolkovnigi Bobokalon Halimov (O‘zbekiston), tibbiy xizmat polkovnigi Sergey Elizarev (Rossiya), tibbiy xizmat podpolkovnigi Stepan Savchanchik (Belorus), tibbiy xizmat podpolkovnigi Qodir Nabi Maxmadzoda (Tojikiston), tibbiy xizmat leytenanti Kais Adavi (Falastin), katta leytenant Chung Ngiem (Vetnam).

Musobaqa yakunlandi. Demak, hakamlik haqida xulosa qilish mumkin. Turli mamlakatlar delegatsiyalari vakillarining norasmiy ravishda sovg‘alar almashish jarayonida ham hakamlik masalasi ko‘p bora tilga olinib, uning ob’ektiv va xolis ravishda olib borilgani e’tirof etildi. Barcha mehmonlarning bahslar borasidagi fikri yakdil: musobaqa do‘stona va o‘zaro tajriba almashish ruhida kechdi. Tashkilotchilar manziliga yo‘naltirilgan ko‘plab minnatdorchiliklar boisi shu.

Podpolkovnik To‘lqin Jumanazarov, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti